Kiprda o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha 2026-yilgi Talabgor turniri o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov uchun muvaffaqiyatli davom etmoqda.
Musobaqaning 11-turida Sindarov qora donalarda AQSHlik Fabiano Karuana bilan bahs olib bordi. Yo‘qotadigan narsasi qolmagan Fabiano hamyurtimizga bosim uyushtirishga harakat qildi. Javohir esa aniq yurishlar orqali himoyalana oldi. Natijada 58-yurishga kelib shaxmatchilar durangga imzo chekishdi. Ushbu natija evaziga Javohir 8,5 ochko bilan turnir jadvalidagi peshqadamligini saqlab qoldi.
Ushbu turda barcha o‘yinlar durang bilan yakunlandi. Sindarov eng yaqin ta’qibchisi, niderlandiyalik Anish Girini 2 ochkoga ortda qoldirmoqda.
O‘zbekistonlik shaxmatchi ertaga AQSHlik Xikaru Nakamuraga qarshi oq donalarda o‘ynaydi. Vatandoshimiz 12-turda g‘alaba qozonib, Giri ochko yo‘qotsa, Sindarov muddatidan avval turnir g‘olibiga aylanadi.
Eslatib o‘tamiz, 15 aprelga qadar davom etadigan ushbu turnir g‘olibi amaldagi Jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi shaxmat toji uchun kechadigan bahsda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. 700 ming AQSH dollari miqdoridagi sovrin jamg‘armasiga ega musobaqa ikki davradan (14 ta tur) iborat.