Angliya Premyer-ligasining navbatdagi turida «Manchester Siti» jamoasidan uchralgan mag‘lubiyatdan (1:2) so‘ng, «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta chempionlik poygasi borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Garchi «kanonirlar» uzoq vaqt davomida turnir jadvalida katta farq bilan yetakchilik qilgan bo‘lsa-da, ayni paytda «Manchester Siti» bilan oradagi farq 3 ochkoni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, Xosep Gvardiola shogirdlari ixtiyorida yana bir zaxira o‘yini mavjud.
Mikel Arteta mag‘lubiyatga qaramay, jamoasining imkoniyatlarini yuqori baholadi:
— Chempionlik uchun kurash hali tugagani yo‘q. Oldinda bizni 5 ta, raqibimizni esa 6 ta uchrashuv kutmoqda. Hali ham uch ochkalik ustunlikka egamiz. Men futbolchilarimning imkoniyatlarini va mahorat darajasini har kuni mashg‘ulotlarda ko‘rib turibman. Shu sababli jamoamning zafariga to‘liq ishonaman, — dedi mutaxassis.
Shuningdek, murabbiy jamoaning ruhiy holati va maqsad sari intilishi o‘zgarmaganini ta’kidladi:
— Biz chempionlikni qo‘lga kiritishga qodir ekanligimizni allaqachon isbotlaganmiz. Bugungi o‘yin ham qanday salohiyatga ega jamoa ekanligimizni ko‘rsatdi. Hamma narsa o‘z qo‘limizda va biz oxirigacha kurashamiz, — deya qo‘shimcha qildi Arteta.
Ma’lumot uchun, ayni damda «Arsenal» 33 uchrashuvdan so‘ng Angliya chempionati turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.