FIFA 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov haqida maxsus videorolik e’lon qildi.
Unda Husanov O‘zbekistonning mundial sari yo‘lidagi eng yorqin futbol yulduzlaridan biri sifatida ta’riflangan. FIFA futbolchining 2025 yil yanvar oyida “Manchester Siti” safiga qo‘shilgani va Angliya Premyer Ligasida maydonga tushgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirganini alohida qayd etgan.
Shuningdek, Husanov o‘tgan yozda klubi bilan AQSHda ilk bor o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etgani, endi esa uni yanada yirik musobaqa — 2026 yilgi Jahon chempionati kutayotgani ta’kidlangan.
FIFA yangi formatdagi mundialda ilk bor 48 ta terma jamoa qatnashishini eslatib, aynan shu o‘zgarish ko‘plab mamlakatlarga imkoniyat yaratgani va O‘zbekiston tarixda ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganini ham e’tirof etgan.
Videorolikda Husanovning yoshlar terma jamoalaridagi muvaffaqiyatlari ham e’tirof etilgan. Xususan, u O‘zbekiston U-20 terma jamoasi safida Osiyo Kubogida g‘olib chiqqan, U-20 Jahon chempionatida esa 1/8 final bosqichigacha yetib borgan.
“Endilikda esa u dunyo futbolining eng nufuzli sahnasida yangi tarix yozishga intilmoqda”, deyiladi FIFA Instagram sahifasida.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt portali Angliya Premyer Ligasi (APL) futbolchilarining bozor qiymatini yangiladi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning transfer bahosi 15 million yevroga oshib, 50 million yevroga yetdi.
Ushbu ko‘rsatkich evaziga 22 yoshli himoyachi Osiyoning eng qimmat futbolchisiga aylandi. U reytingida yaponiyalik Kaishu Sano (40 mln yevro) hamda Takefusa Kuboni (30 mln yevro) ortda qoldirib, mutlaq peshqadamlikni qo‘lga kiritdi.