«Liverpul» bosh murabbiyi Arne Slot darvozabon Georgiy Mamardashvili Mersisayd derbisida olgan jarohati tufayli shifoxonaga olib ketilganini tasdiqladi.
APLning 33-turidan o‘rin olgan «Everton»ga qarshi uchrashuv «Liverpul»ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Gruziyalik futbolchi raqib golidan oldingi vaziyatda to‘qnashuvga duch keldi va shundan so‘ng zaxiraga olindi. To‘qnashuv vaqtida darvozabon tizzasidan zarba qabul qilib oldi, uning o‘rniga maydonga Freddi Vudman tushdi.
«Uni shifoxonaga olib ketishdi. Nazarimda, uning tizzasida katta ochiq jarohat bor edi. Bu uzoq muddatli jarohat bo‘lmaydi, ammo uning kelasi hafta maydonga tusha olishini kuzatamiz. Deyarli barcha pozisiyalarda muammolarimiz bor edi, endi esa ikkita darvozabonimiz safdan chiqdi. Yaxshiyamki, bizda uchta darvozabon bor — odatda bizda qanot himoyachilari yoki chap qanot vingerlari bunchalik ko‘p bo‘lmaydi», — deya Slotning so‘zlarini keltiradi Sky Sports.
Zaxiradan maydonga tushgan Vudman «Liverpul»ga 2025 yilda «Preston Nord End» klubidan kelib qo‘shilgan edi. 29 yoshli ingliz futbolchisi ushbu bahsga qadar atigi bir marta — Liga kubogi doirasidagi «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda (0:3) maydonga tushgan edi.