Madridning «Real» klubiga tegishli bo‘lgan va hozirda ijara asosida «Lion» sharafini himoya qilayotgan braziliyalik hujumchi Endrikning otasi o‘g‘lining Ispaniyadagi faoliyati haqida fikr bildirdi.
Duglas Ramosning so‘zlariga ko‘ra, Madrid klubidagi kam o‘yin amaliyoti futbolchining ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
«Madridda Endrikni o‘yin amaliyotidan mahrum qilishdi. O‘g‘lim futbolga doim ko‘ngilochar bog‘ga qaragandek qarardi. Ammo «Real» tarkibida u qandaydir tarzda bu tuyg‘uni yo‘qotib qo‘ydi. Hozir esa u yana tabassum qila boshladi, chunki «Lion»da muntazam maydonga tushmoqda. Endrikning yanvarda «Real»ni tark etish haqidagi qarorida rafiqasi hal qiluvchi rol o‘ynadi», — dedi futbolchining otasi.
Ma’lumot uchun, 19 yoshli hujumchi Fransiya klubi safida o‘zini ko‘rsatishga ulgurdi. U «Lion» tarkibida jami 17 ta uchrashuvda (1311 daqiqa) maydonga tushib, o‘z hisobiga 7 ta gol va 7 ta golli uzatma yozdirib qo‘ydi.
Yevropa sport nashrlarining xabariga ko‘ra, Endrik kelgusi mavsumda «qirollik klubi»ga qaytishi va tarkibda Gonsalo Garsiyaning o‘rnini egallashi kutilmoqda. Klub rahbariyati futbolchining Fransiyadagi sermahsul o‘yinlarini ijobiy baholamoqda.