Brunu Fernandesh Portugaliya terma jamoasi bilan Jahon chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritishni asosiy maqsad sifatida belgiladi. “Manchester Yunayted” sardori bu orqali Krishtianu Ronalduning futbolga qo‘shgan beqiyos hissasiga munosib yakun yasalishini istamoqda.
Yarim himoyachining fikricha, ushbu turnirdagi g‘alaba jamoadoshining uzoq yillik faoliyati uchun eng yuqori baho bo‘ladi. 41 yoshli “An-Nasr” hujumchisi uchun JCH-2026 rekordlarga boy faoliyati davomida qo‘lga kiritilmagan yagona sovrinni yutish uchun so‘nggi imkoniyat sifatida qaralmoqda.
BBC telekanalida Ueyn Runi bilan suhbatda Fernandesh o‘z pozisiyasini aniq bayon qildi:
“Mamlakatim g‘ururlanishi uchun borimni beraman. Krishtianu bilan birga so‘nggi Jahon chempionatini g‘alaba bilan yakunlash ajoyib bo‘lar edi. Buni nafaqat Portugaliya uchun, balki Krishtianuning futbol va dunyoga bergan barcha narsalari uchun ham amalga oshishiga umid qilaman”.
Yoshiga qaramay, Ronaldu Roberto Martines boshqaruvidagi jamoaning markaziy figurasi bo‘lib qolmoqda. U xalqaro maydonda 143 ta gol bilan rekordchi hisoblanadi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, futbolchining yuqori darajada qolishida uning mentaliteti va ruhiy barqarorligi hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Maykl Kerrik qo‘l ostida Fernandesh “Manchester Yunayted” ichida asosiy yetakchiga aylangan. U joriy mavsum APL doirasida 18 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Klub rahbariyati uni jamoani avvalgi darajasiga qaytarish loyihasining asosiy figurasi sifatida ko‘rmoqda.