Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha nufuzli TEPE Sigeman turniridagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. O‘zbekistonlik grossmeyster ilk turda qora donalarda xitoylik grossmeyster Ju Jinerni 37-yurishdayoq mag‘lub etdi. Shvesiyadagi musobaqani muvaffaqiyatli boshlagan Nodirbek bahsdan keyingi intervyusida o‘z strategiyasi va asosiy maqsadi haqida so‘zlab berdi.
“Raqibimning o‘yinlarini o‘rganib chiqib, u asosan e4 yurishini tanlashini va bu borada tayyorgarligi kuchli ekanini bildim. Shuning uchun unga syurpriz qilish maqsadida Karo-Kann himoyasini tanladim. Bu u uchun kutilmagan bo‘ldi”.
O‘yin davomida Abdusattorov raqibning ustunligini yo‘qqa chiqarish uchun sipohlarni almashtirish taktikasini qo‘llagan. Yakunda raqib vaqt tanqisligida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va Nodirbek bundan unumli foydalanib, g‘alabani ilib ketdi.
Shuningdek, shaxmatchimiz so‘nggi vaqtlarda London, Veyk-an-Zee va Praga turnirlarida ketma-ket chempionlikni qo‘lga kiritganini va buning asosiy siri barqarorlikda ekanini qayd etdi:
“Men shunchaki maksimal darajada barqaror o‘ynashga harakat qilyapman. Bu yil Grand Chess Tour’da qatnashmayotganim sababli, boshqa nufuzli turnirlarda ishtirok etishim kerak edi. Men bu yerga aynan Magnus borligi uchun kelishga qaror qildim. Uning o‘ynashini eshitishim bilan ishtirok etishga darhol rozi bo‘ldim”.
Ma’lumot uchun, Nodirbek Abdusattorov musobaqaning ikkinchi turida amerikalik Endi Vudvardga qarshi dona suradi. 3-turda esa jahonning 1-raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsen bilan bahs olib boradi.