O‘zbekiston kubogi 1-turi doirasida OKMK — "Metallurg" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"Assalomu alaykum. Durang bilan futbolchilarni tabriklayman. Bevosita bugungi o‘yinga keladigan bo‘lsak, bizning asosiy maqsadimiz PRO-Ligada muvaffaqiyatli ishtirok etib, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Nukusdagi bahsdan keyin qattiq ranjigan edik. 9 nafar futbolchiga dam berib, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan yigitlarga imkoniyat berdik. Futbolchilar bilan 3-4 kun avval gaplashib, birinchi davraning qolgan uchrashuvlariga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz deb ta’kidlagandim. Asosiy vazifa PRO-Ligada chempionlikni qo‘lga kiritish. Shunday bo‘lsa-da, kubok o‘yinida ham har bir murabbiy, har bir futbolchi yutishni istaydi. O‘yin amaliyoti kam bo‘lgan futbolchilarimiz umumiy olganda bugun yomon harakat qilishmadi, ular durangga munosib edi. Shunday o‘ynab tursa, ular asosiy tarkib a’zolariga ham yaxshigina bosh og‘riq bo‘ladi.
Aytganimdek, 9 nafar futbolchimizga dam berdik. Bu aynan oxirgi bahsdagi mag‘lubiyat bilan bog‘liq emas." Boxing day" bo‘lib, 35 kunda 7 ta o‘yin o‘ynadik. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, asosiy tarkib o‘zagi almashmadi. Deyarli bitta tarkib bilan o‘ynadik. Shuning uchun ularga dam berdim.
O‘z navbatida, zaxiradagi futbolchilarimizga kubok o‘yinlarida imkoniyat beramiz.Uyog‘iga barchasi yigitlarning o‘ziga bog‘liq. Hozir oldimizda turgan eng muhim bahs — "Kattaqo‘rg‘on"ga qarshi. Va unda kim optimal formada bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi.
Kubok o‘yinlaridan qanday maqsadda foydalanmoqchiligim haqida klub rahbarining ham xabari bor. 7-turdagi omadsizlikdan keyin suhbatlashib olganimizda, rejam haqida aytganman.
Biroq agar kubokda ham muvaffaqiyatli ishtirok etsak, hech kim xafa bo‘lmaydi.
Markazda harakat qilgan Sherzod Komilovdan umidimiz katta. U bilan ko‘p suhbatlashamiz, qanday harakat qilishi kerakligi, nimalar ustida ishlashi zarurligini aytganman. Bugun u o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata oldi. Ammo keyingi yil Superligada o‘ynashi uchun hali ko‘p mehnat qilishi kerak. Shuningdek, Maksvelning harakatlarini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim, albatta.