O‘zbekiston kubogi 1-turi doirasidagi «Dinamo» - «G‘azalkent» (2:3) uchrashuvidan keyin dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Zayniddin Tojiyev matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
- Bugun juda qiyin o‘yin bo‘lib o‘tdi. Shogirdlarimizga buni tushuntirgandik va tahlil qilib, mashg‘ulot o‘tkazgandik. Bugun ob-havo ham qiyinchilik tug‘dirdi, shunga qaramay hamma muxlislarimizni tabriklayman. Futbolchilarimga esa 90-5-daqiqa davomida kurashgani va vazifani bajargani uchun bolalarga rahmat deb qolaman.
Bu klub tarixidagi eng sensasion natijami? Ha, shunday desa bo‘ladi, chunki yangi jamoamiz va Superliga klubiga qarshi hali rasmiy bahsda o‘ynamaganmiz. Qolaversa, «Dinamo» bilan qishda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, yutqazgandik (2:5). Bugun esa sensasiya bo‘ldi.
- Futbolchi sifatida «Dinamo»dagi o‘yinlaringizni Samarqandda yaxshi eslashadi, endi esa jamoangizni ham eslab qoladigan bo‘lishdi. Jamoangiz Superliga klubiga qarshi boshqacha motivasiyada to‘p surdi, bunga qanday erishdingiz?
- «Dinamo»dek raqiblarga qarshi jamoamni ruhlantirish qiyinchilik tug‘dirmaydi, chunki yigitlarimiz Superliga jamoasiga qarshi o‘yinda borini maydonda ko‘rsatishga intiladi. Ularni ham aynan Superliga uchun tayyorlayapmiz. Bugun ular ko‘rsatishdi – yanada ishlashsa ularning Superligadagi o‘yinchilardan kam joyi yo‘q. Bu biz uchun faqat tajriba bo‘ladi va ishonch beradi. Pro ligada esa omadimiz kelmayapti. Bugun imkoniyatlarimizdan gol urdik, Pro ligada esa bunday bo‘lmayapti.
Kuchli yomg‘irga qaramay, Samarqandga kelib «G‘azalkent»ni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarimizga rahmat deyman. Bugun omadimiz kelib, g‘alaba bilan qaytayapmiz. Ha, biz yomg‘irga yaxshiroq moslashdik, ammo bunday sharoitga alohida tayyorlanganimiz yo‘q. «Lochin» ham «Lokomotiv»ni mag‘lub etibdi, biz ularga Pro ligada mag‘lub bo‘lgandik. Guruhdan chiqish uchun qizg‘in kurash kechadi, - dedi Zayniddin Tojiyev o‘yindan keyin.