«Milan» A Seriyaning 36-turida «Atalanta»dan qabul qilingan mag‘lubiyatdan (2:3) so‘ng Milanello bazasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi. Bu qaror dushanba oqshomida klub rahbariyati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng qabul qilindi.
Hozirda Massimiliano Allegri jamoasi 67 ochko bilan turnir jadvalida 4-o‘rinni egallab turibdi. «Roma»da ham shuncha ochko bor, biroq milanliklar o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra ustunlikka ega.
17 may kuni «Milan» safarda «Jenoa»ga qarshi maydonga tushadi. Ushbu yig‘indan ko‘zlangan asosiy maqsad — Chempionlar ligasi yo‘llanmasi hal bo‘ladigan hal qiluvchi pallada jamoani jipslashtirishdir.
Sky Sport xabariga ko‘ra, bugun dam olgan «rossonerilar» a’zolari seshanba kuni mashg‘ulotlarga qaytadi, yig‘inning o‘zi esa chorshanba, 13 may kuniga rejalashtirilgan.
Sport direktori Igli Tare «Jenoa» bilan o‘yin oldidan yig‘in o‘tkazilishi mumkinligi haqida shunday dedi:
«O‘yindan so‘ng murabbiy bilan vaziyatni tahlil qildik. Biz ular (futbolchilar) bilan gaplashib, atrofdagi voqealar kuchimizni so‘rayotgan bo‘lishi mumkinligini, lekin ruhiy jihatdan o‘zgarishimiz kerakligini aytdik. Jamoa yetakchilarining reaksiyasi to‘g‘ri bo‘ldi, ammo endi gapdan ishga o‘tishimiz kerak.
Yakshanba kuni bizni muhim bahs kutmoqda. Vaziyatni yaxshiroq tushunish va tahlil qilish uchun bir necha kunga yig‘inga yo‘l olishimiz mumkin», — dedi Tare «Atalanta» bilan o‘yindan so‘ng.