Tuttosport gazetasi Transfermarkt portali bilan hamkorlikda yilning eng yaxshi yosh futbolchisiga beriladigan «Golden Boy» sovrini uchun hozirgi paytdagi favoritlar reytingini tuzib chiqdi. Ma’lumot uchun, ushbu mukofotga aynan Italiyaning mazkur nashri asos solgan.
Ro‘yxatdan 100 nafar futbolchi joy oldi. Birinchi o‘rinni «Barselona» vingeri Lamin Yamal egalladi, biroq u 2024 yilda ushbu sovrinni qo‘lga kiritib bo‘lgani sababli, qoidalarga ko‘ra unga qayta da’vogarlik qila olmaydi. Ta’kidlanishicha, bu sovrin uchun nomzodlarning yakuniy ro‘yxati emas, balki ayni damdagi favoritlarning reytingi hisoblanadi.
Kuchli o‘nlik quyidagicha ko‘rinishga ega:
-
Lamin Yamal («Barselona») (2024 yildagi g‘alabasi sababli sovrinni yuta olmaydi);
-
Uorren Zair-Emeri («PSJ»);
-
Pau Kubarsi («Barselona»);
-
Yan Diomande («Leypsig»);
-
Estevao («Chelsi»);
-
Ayyub Buaddi («Lill»);
-
Lennart Karl («Bavariya»);
-
Viktor Froxoldt («Portu»);
-
Djorrel Xato («Chelsi»);
-
Luka Vushkovich («Gamburg»).
Ro‘yxatning davomida boshqa taniqli iqtidorlar ham joy olgan: 11-o‘rinda Endrik («Lion», «Real»dan ijarada), 12-o‘rinda Vitor Reys («Jirona», «Manchester Siti»dan ijarada), 13-o‘rinda Sanni Meyulyu («PSJ»), 16-o‘rinda Kes Smit (AZ), 22-o‘rinda Mark Bernal («Barselona»), 24-o‘rinda Maylz Lyuis-Skelli («Arsenal»), 34-o‘rinda Djanluka Prestianni («Benfika»), 36-o‘rinda Franko Mastantuono («Real»), 44-o‘rinda Tyago Pitarch («Real»), 51-o‘rinda Mak Douman («Arsenal»), 67-o‘rinda Dro Fernandes («PSJ») va 99-o‘rinda Etan Mbappe («Lill») qayd etilgan.