Darvozabon Manuel Noyer Yevro-2024 musobaqasidan keyin milliy jamoada umuman o‘ynamagan bo‘lsa-da, Germaniya terma jamoasining JCH-2026 uchun qaydnomasidan joy oldi. Bundestim bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann o‘z qaroriga izoh berdi.
«Mening ustuvor vazifam — Jahon chempionatiga mamlakatning eng kuchli uch nafar darvozabonini olib borish. Shu sababli biz Noyer bilan bog‘lanishga va yana terma jamoada o‘ynash istagi bor-yo‘qligini so‘rashga qaror qildik. U bilan qachon bog‘landik? Aniq sanasini eslab qolmaganman. Ammo mart oyidayoq, ter Shtegen jarohat olganidan so‘ng Noyer bilan uchrashganimni Baumannga aytgan edik. Biz uni vaziyatdan xabardor qildik, chunki Manuel — juda katta hurmatga loyiq futbolchi. Uning shartnomasi bilan bog‘liq vaziyat ham muhim edi. Biz uning umuman futbol o‘ynashda davom etish-etmasligini bilmoqchi edik. U «Bavariya» bilan shartnomasini uzaytirish qarorini biroz kech qabul qildi. Bu biz uchun majburiy shart edi. Noyerning yutuqlari son-sanoqsiz, unda o‘ziga xos aura va ulkan obro‘-e’tibor bor. Manuel maydonga tushganida jamoaga katta yordam beradi. So‘nggi vaqtlarda u o‘ynamagan davrlar ham bo‘ldi. Bu holat bizda ham takrorlanishi mumkin, buni inkor etib bo‘lmaydi — biz bu omilni hisobga olamiz. Agar biror gap bo‘lsa, bizda Baumann bor, u saralash bosqichidagidek juda yaxshi o‘yin ko‘rsata oladi», — dedi Nagelsmann matbuot anjumanida.
Jahon chempionatining guruh bosqichida Germaniya terma jamoasi Kyurasao, Kot-d’Ivuar va Ekvador terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.