«Barselona» sport direktori Deku Robert Levandovski jamoadan ketganidan so‘ng Kataloniya klubi hujum chizig‘ining kelajagi qanday bo‘lishi haqida gapirdi. 37 yoshli futbolchi yozda klubni erkin agent sifatida tark etadi.
Rahbariyat vakili polyak forvardining jamoa muvaffaqiyatlariga qo‘shgan hissasini hisobga olgan holda, uning o‘rniga munosib futbolchi topish o‘ta qiyin bo‘lishini ta’kidladi.
«Biroz mahzun kun, chunki Robertning ketishi haqiqatga aylanmoqda. Uni almashtirishning deyarli imkoni yo‘q. U so‘nggi yillarning eng yaxshi hujumchisi edi, uning «Barselona» uchun qilgan ishlarini takrorlash juda qiyin», — deya Dekuning so‘zlarini keltiradi «Mundo Deportivo» nashri.
Deku klub allaqachon tarkibni kuchaytirish ustida ish olib borayotganini tasdiqladi, biroq Levandovskining o‘rniga nomzod sifatida ko‘rilayotgan aniq futbolchilar, jumladan, Xulian Alvares va Joau Pedro haqida gaplashishni istamadi.
«Biz hech kimni ro‘yxatdan chiqarib tashlaganimiz yo‘q va hali hech kim bilan shartnoma imzolamadik», — deya bayonot berdi «Barselona» sport direktori.
Robert Levandovski «Barselona» safida o‘tkazgan 192 ta uchrashuvida 119 ta gol urdi va 24 ta golli uzatmani amalga oshirdi. U klub bilan birgalikda uch bor Ispaniya chempioni va Superkubok sohibiga aylandi, shuningdek, 1 marta mamlakat Kubogida zafar quchdi.