«Manchester Siti» o‘z uy stadionidagi tribunalardan birini Pep Gvardiola sharafiga qayta nomladi va murabbiyga atalgan haykalni o‘rnatadi.
Bugun «shaharliklar» va murabbiy 55 yoshli kataloniyalik mutaxassis o‘z lavozimini tark etishini e’lon qilishdi. U klubdagi 10 yil davomida 20 ta sovrinni qo‘lga kiritdi, jumladan, 2023 yilda «Siti» tarixida ilk bor Chempionlar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.
Klubning xabar berishicha, yaqinda rekonstruksiya qilingan va kengaytirilgan «Etixad Stedium»ning Shimoliy tribunasi endi «Pep Gvardiola tribunasi» deb ataladi.
Tribuna murabbiyning klubdagi so‘nggi o‘yinida — yakshanba kuni «Aston Villa»ga qarshi mavsumning yakuniy bahsida rasman ochiladi. 2023 yil oxirida boshlangan tribuna rekonstruksiyasi stadion sig‘imini 61 000 dan ortiq tomoshabinga yetkazib, 7000 dan ziyod yangi o‘rindiq qo‘shdi.
«Oliyjanob Shayx Mansur Pepning o‘n yillik tarixiy mehnati va qo‘shgan ulkan hissasi e’tirofi sifatida ushbu nufuzli mukofot bilan taqdirladi. Qayta nomlash doirasida Gvardiola nomidagi tribuna oldiga Pepning haykali ham o‘rnatiladi», — deyiladi klub bayonotida.
Shayx Mansur bin Zayed al-Nahayan shunday dedi: «Men doim «Manchester Siti»da ham maydonda, ham undan tashqarida eng yaxshi insonlar bo‘lishi kerakligini aytganman. O‘n yil davomida Pep aynan shu ambisiyalarning timsoli bo‘ldi. U klub DNKsida o‘chmas iz qoldirdi. Bu iz u qo‘lga kiritgan ko‘plab sovrinlardan ko‘ra, ko‘proq qanday yo‘l bilan g‘alaba qozongani bilan bog‘liq. U mendan va butun «Siti» oilasidan cheksiz minnatdorchilikka loyiq, u doimo oilamizning bir qismi bo‘lib qoladi».
«Pep Gvardiola nomidagi tribuna va uning oldiga o‘rnatiladigan haykal Pep merosining ushbu futbol klubi, Manchester shahri va ingliz futboli tarixiga abadiy muhrlanishini kafolatlaydi», — dedi «Siti» boshqaruvi raisi Haldun al-Muborak.