Ispaniya La Ligasi kelasi mavsumdan boshlab hakamlik tizimida jiddiy islohotlarni amalga oshiradi. Liga prezidenti Xavyer Tebasning ma’lum qilishicha, endilikda hakamlarning o‘yindagi harakatlarini baholash va ularni uchrashuvlarga tayinlashda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalaridan faol foydalaniladi.
Tebasning ta’kidlashicha, yangi texnologiya asosan ikki yo‘nalishda ishlaydi. Birinchisi — hakamlar ishini xolis baholash.
Hozirgi kunda bu jarayon to‘liq inson omiliga bog‘liq: har bir o‘yindan so‘ng Hakamlar texnik qo‘mitasi (CTA)ning 30 nafar maxsus kuzatuvchisi hakamlarni 30 xil mezon bo‘yicha baholaydi. Yangi mavsumdan boshlab bu vazifaning katta qismini sun’iy intellekt o‘z bo‘yniga oladi.
“Biz hakamlikka sun’iy intellektni joriy qilmoqchimiz. Tizim barcha o‘yinlarni tahlil qilib, hakam qaysi vaziyatlarda haq bo‘lganini aniq ko‘rsatib beradi. Shu orqali biz qabul qilinayotgan qarorlarning kamida 40 foizida mutlaq xolislikka erishishni maqsad qilganmiz”, deydi Tebas.
Ikkinchi muhim o‘zgarish hakamlarni o‘yinlarga tayinlash jarayoni bilan bog‘liq. Marca nashrining yozishicha, kelasi mavsumdan boshlab texnik qo‘mitaga u yoki bu o‘yinga qaysi hakamni qo‘yish bo‘yicha tavsiyalarni sun’iy intellekt beradi.
Tizim uchrashuvning ahamiyati, jamoalar darajasi va hakamning joriy formasi kabi parametrlarni tahlil qilib, har bir o‘yin uchun 2-3 nafar eng maqbul nomzodni taklif qiladi.
Sun’iy intellekt o‘zboshimchalik bilan hakamni tayinlab qo‘ymaydi. So‘nggi qarorni baribir inson qabul qiladi.
Liga prezidenti bu qarorni izohlar ekan, sun’iy intellekt texnologiyalari hakamlar ishini yengillashtirishiga ishonishini bildirdi: “Men inson aql-idrokiga ishonaman, ammo futbol shunday bosqichga keldiki, ayrim narsalarda bizga sun’iy intellekt yordam berishi shart”.