«Koventri» bosh murabbiyi Frenk Lempard Angliya Murabbiylar assosiasiyasi (LMA) versiyasiga ko‘ra yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. ESPN xabariga ko‘ra, mutaxassis ushbu e’tirofga «Koventri»ni 2001 yildan buyon ilk bor APLga olib chiqqani va Chempionshipda g‘olib bo‘lgani uchun sazovor bo‘ldi.
Muvaffaqiyatli mavsum Lempardga avvaliga divizionning eng yaxshi murabbiyi sovrinini, so‘ngra esa ligadan qat’i nazar yilning eng yaxshisiga beriladigan «Ser Aleks Fergyuson» kubogini keltirdi.
Sovrinni topshirish marosimida ser Aleks Fergyuson salomatligi tufayli ishtirok eta olmadi. Uning o‘rniga mukofotni Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel topshirdi va afsonaviy murabbiyning shaxsiy maktubini o‘qib eshittirdi:
«Qadrli Frenk, seni LMA versiyasi bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilganing bilan tabriklayman. Sen va jamoang erishgan yutuqlardan faxrlanishing kerak. Murabbiy va yetakchi sifatidagi shaxsiyating jamoa o‘yinida yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu mavsumda jamoang ishonchli va jozibali futbol ko‘rsatdi. Seni kuzatish menga zavq bag‘ishladi. Suhbatlarimizdan bilamanki, senga kamtarlik va o‘rganishga bo‘lgan intilish kabi muhim xislatlar xos. Ishonchim komilki, bu sovrin sen uchun juda katta ahamiyatga ega. Kelasi mavsum APLda omad tilayman», — deyiladi maktubda.
Ta’kidlash joizki, yilning eng yaxshisi bo‘lish uchun da’vogarlar orasida Mikel Arteta, Kit Endryus, Maykl Karrik, Pep Gvardiola, Andoni Iraola va Rejis Le Bris kabi nomlar bor edi. Mikel Arteta esa APLning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etildi.