Kolumbiya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar Radamel Falkao 2026 yilgi Jahon chempionatining ilk turi oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Terma jamoa sobiq sardori ESPN FANS YouTube kanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonga qarshi bahs va jamoadan kutilayotgan natija haqida fikr bildirdi.
“Amerika Kubogida ajoyib o‘yin ko‘rsatib, finalgacha yetib borganimizdan so‘ng, Kolumbiya terma jamoasi keyinchalik barchamiz kutgan barqarorlikni namoyish eta olmadi. Jamoa bu o‘yinini mustahkamlab, saralash bosqichini ancha xotirjam o‘tkazadi deb o‘ylagandik. Ammo saralashdagi voqealar rivoji kutilganidek bo‘lmadi va jamoa uchinchi o‘rin bilan yo‘llanmani qo‘lga kiritdi”, deydi Falkao.
Uning fikricha jamoaning o‘yinidan qoniqmaganlar juda ko‘p:
“Buni tushunsa bo‘ladi, chunki mundial boshlanishidan oldingi kunlarda futbolchilar o‘zlarini ortiqcha xavfga qo‘yishni istamaydi. Ko‘ngildagidek yetib kela olishmagandir, lekin bu muammo emas”.
Sobiq sardor birinchi turdagi O‘zbekistonga qarshi bahs eng muhim uchrashuv ekanini ma’lum qildi.
“Muammo birinchi o‘yindan boshlanadi, futbolchilar ruhiy va jismoniy jihatdan tayyor bo‘lishlari kerak. Ortda qolgan ishlar qolib ketdi. Hatto eng ideal holatda yetib kelinganda ham, buning Jahon chempionatiga hech qanday ta’siri bo‘lmasdi. Eng muhimi – har qanday qiyinchilik O‘zbekiston bilan o‘yinda yuz beradi. Jamoada juda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan, faqat ular xuddi 2024 yilgi Amerika Kubogidagidek o‘z o‘yinlarini topib olishlari kerak”, dedi 40 yoshli futbolchi.
Ma’lumot uchun, Radamel Falkao 36 ta gol bilan Kolumbiya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Biroq u hozirda terma jamoadagi faoliyatini yakunlagan.
O‘zbekiston MTJ mundialdagi ilk o‘yinini Meksikada o‘tkazadi, qolgan ikki uchrashuv esa AQSHdagi stadionlarda bo‘lib o‘tadi. “Oq bo‘rilar” 18 iyun kuni birinchi turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Asteka” stadioni mezbonlik qiladi.
Jamoa ikkinchi tur doirasida 23 iyun kuni Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi bilan o‘ynaydi. Mazkur bellashuv AQSHdagi “Xyuston” stadionida o‘tkazilishi belgilangan. Guruhdagi so‘nggi uchrashuv 28 iyun kuni “Atlanta” stadionida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.