"Guliston" jamoasi bosh murabbiyi Abbos Ergashev O‘zbekiston kubogi nimchorak finalida "Surxon" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
"Bugun qiyin o‘yin bo‘lishini oldindan bilardik. Chunki "Surxon" so‘nggi vaqtlarda Superligada ham juda yaxshi futbol namoyish etmoqda. Jamoaning oxirgi turlarda hatto "Paxtakor" maydonidan bir ochko bilan qaytgani ham bu fikrimga yaqqol misol bo‘la oladi.
Termizliklar tarkibida ham taktik, ham texnik jihatdan kuchli futbolchilar bor. "Surxon" doimo chiroyli va tomoshabop futbol ko‘rsatishga intiladigan jamoa. Biz raqibni yaxshi o‘rganib chiqdik. Garchi Birinchi liga vakili bo‘lsak-da, o‘zimizning kuchli tomonlarimizdan maksimal darajada foydalanishga harakat qildik.
Yakunda esa Birinchi liga klublari tarixida birinchi bo‘lib O‘zbekiston kubogining chorak finaliga chiqqan jamoaga aylandik. Jamoamiz bilan mana shunday ajoyib tarix yaratganimizdan juda xursandman.
Ushbu g‘alaba bilan butun Sirdaryo xalqini tabriklayman. Bu g‘alabamizni Mustaqilligimizning 35 yilligi sharafiga muxlislarimizga sovg‘a sifatida bag‘ishladik.
Shuningdek, ushbu muvaffaqiyat bilan viloyatimiz va klubimiz rahbarlarini ham muborakbod etaman. Ular maydon tashqarisida juda katta ishlarni amalga oshirishmoqda. G‘alabalarimizda ularning ham hissasi katta. Nasib qilsa, ushbu rahbariyat bilan birgalikda rivojlanishda davom etamiz", — dedi Abbos Ergashev.