O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 sentyabr kuni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasi g‘oliblari hamda ishtirokchilarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, Samarqand shahrida ilk bor o‘tkazilgan mazkur musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan, yuqori professional mahorat, aql-zakovat, iroda va matonat namoyon etgan hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shgan bir qator shaxmatchilar, murabbiylar va soha mutaxassislari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Jumladan, «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar milliy terma jamoasi a’zosi Muhiddin Madaminov taqdirlandi.
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov va Nodirbek Yoqubboyevga berildi.
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoniga shaxmat bo‘yicha erkaklar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Rustam Qosimjonov hamda parashaxmat milliy terma jamoasi murabbiyi Samandar Shermuhammadov sazovor bo‘ldi.
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi» faxriy unvoni bilan O‘zbekiston shaxmat federasiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindorov taqdirlandi.
Shuningdek, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan Javohir Sindorov, «Do‘stlik» ordeni bilan Nafisa Mo‘minova, Bobur Sattorov va Rashid Talipov, «Mardlik» ordeni bilan Jahongir Vohidov, Sirojiddin Zaynidinov, Selbi Kakishova, Ahadxon Kimsanboyev, Sardorbek Mamarajabov va Marsel Shayusupov mukofotlandi.
«Kelajak bunyodkori» medali bilan Abdimalik Abdisalimov, Komiljon Azizov, Humoyun Begmuratov, Javlon Mardonov, Ortiq Nig‘matov va Muhammadzohid Suyarov taqdirlandi.
«Sog‘lom turmush» medali esa Baxtiyor Jumayev, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimova, Umida Omonova, Gulruhbegim Tohirjonova va Afro‘za Hamdamovaga topshirildi.
Farmonda ta’kidlanishicha, mukofotlashga sportni mamlakatda keng ommalashtirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash hamda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga qo‘shayotgan hissa ham asos bo‘lgan.