"Real" bosh murabbiyi Joze Mourinyu Ispaniya chempionatining 6-turida "Elche" ustidan 3:2 hisobida qozonilgan g‘alabadan so‘ng jamoasi o‘yini haqida fikr bildirdi.
"Men faqat bir jihatni tanqid qilishim mumkin — "Real" imkoniyat bo‘lganda o‘yin taqdirini oldindan hal qilib qo‘ya olmayapti. Bu haqda futbolchilarga ham aytdim.
Biz 3:0 yoki 4:0 hisobida oldinda bo‘lishimiz mumkin edi. Yana ochko yo‘qotish xavfi ostida qolishimiz uchun hech qanday sabab yo‘q edi. Bizda ko‘plab vaziyatlar bo‘ldi, ammo "Elche"ning o‘yinga qaytishiga o‘zimiz imkon berdik.
Ijobiy tomoni shundaki, ochko yo‘qotish xavfi tufayli bosim kuchaygan qiyin vaziyatlarda jamoa to‘g‘ri reaksiya ko‘rsatyapti va g‘alaba qozonyapti. Oxir-oqibat, eng muhimi ham shu.
"Real"ning o‘yinlarida hech kim zerikmaydi, chunki ular juda tomoshabop o‘tadi.
Yakshanba kuni "Atletiko"ga qarshi o‘yin oldidan meni gol o‘tkazib yuborganimizdan ko‘ra, aynan shu umumiy muammo ko‘proq tashvishga solyapti.
Jamoam gol urishini yaxshi ko‘raman, ammo shu bilan birga o‘yin borishini nazorat qilishini ham istayman. Gap o‘tkazib yuborilgan gollarda emas, balki nazoratni o‘zimiz raqibga berib qo‘yayotganimizda.
Raqib hech qanday vaziyatsiz ham gol urishi mumkin. Ammo "Elche" gol urgan paytda biz o‘yin nazoratini allaqachon ularga topshirib qo‘ygan edik", — deya Mourinyuning so‘zlarini keltiradi Marca.