«Real»ning Seutadagi fan-klubi prezidenti Migel Anxel Montano jamoa futbolchilarining «Elche»ga qarshi uchrashuv oldidan qilgan harakatlari haqida fikr bildirdi.
La Liganing 6-turidan o‘rin olgan «Elche» — «Real» uchrashuvi oldidan ikki jamoa futbolchilari maydonga Todos somos Caballas yozuvi tushirilgan oq futbolkalarda chiqdi. Ispan tilidagi ushbu ibora so‘zma-so‘z «Barchamiz — skumbriyamiz» degan ma’noni anglatadi, ammo mahalliy kontekstda «Barchamiz — Seuta aholisimiz» ma’nosida qo‘llanadi. Caballas so‘zi Seutada tug‘ilgan yoki yashovchi aholiga nisbatan ishlatiladigan xalqona laqab hisoblanadi.
Kilian Mbappe, Ibraima Konate va Vinisius Junior futbolkani to‘liq kiymagani sababli undagi yozuv deyarli ko‘rinmay qolgan. Keyinchalik Mbappe va Vinisius «Real» futbolchilari orasida futbolkani birinchi bo‘lib yechgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Vinisius Mbappega futbolkani Seutani qo‘llab-quvvatlovchi yozuv ko‘rinmaydigan tarzda qanday kiyish mumkinligini ko‘rsatayotgan video ham tarqalgan.
Eslatib o‘tamiz, 30 iyul kuni Marokashdan 70 mingdan ortiq migrant Ispaniyaning Seuta yarimeksklavi hududiga kirishga uringan. Ularning katta qismi shaharda qolgan, chegarani kesib o‘tishga urinishlar chog‘ida o‘nlab odam halok bo‘lgan.
«Biz kiyinish xonasidan olingan kadrlarni ko‘rib, futbolchilar shahrimizni qo‘llab-quvvatlovchi futbolkalarni kiyganini payqadik va bundan juda xursand bo‘ldik.
Ammo keyin «Real»ning uch futbolchisi futbolkani ko‘tarib, undagi yozuvni ko‘rsatmaslikka harakat qilganini ko‘rdik. Shunda biz: «Demak, qo‘llab-quvvatlash yo‘q ekan», deb o‘yladik. Bu bizga juda og‘ir botdi, ayniqsa gap o‘zimiz qo‘llab-quvvatlaydigan «Real» futbolchilari haqida ketayotgani uchun.
Men tushunganim bo‘yicha, Mbappe bizning vaziyatimizga hamdard ekanini, ammo shu bilan birga migrantlarni ham qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Aynan shu sabab u futbolkadagi yozuvni ko‘rsatmagan. Agar senda Seutani qo‘llab-quvvatlovchi futbolka bo‘lsa, uni yechma. Ertaga yoki keyingi o‘yinda esa migrantlarni qo‘llab-quvvatlovchi futbolkani kiy. Hammasi juda oddiy.
Menimcha, uning uzr so‘rashi yaxshi holat. Xatoni tan ola bilish — odob va insof belgisi. Kecha gap Seuta haqida edi, ertaga esa, ehtimol, migrantlarni qo‘llab-quvvatlash navbati kelar.
«Real» bunday holatlardan yuqori turadi. Klub bu vaziyatga munosabat bildiradi va, albatta, bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu shaxsiy tanlov edi. Qarorni butun jamoa emas, aynan o‘sha uch futbolchi qabul qildi», — dedi Montano La Tribu dasturi efirida.