"Real" bosh murabbiyi Joze Mourinyu shanba kungi matbuot anjumanida dastlabki olti turda birorta ham ochko yo‘qotmagan "Barselona" haqidagi savolga javob berdi.
- "Barselona"ning o‘yin darajasi sizni xavotirga solyaptimi?
"Tarix va madaniyat nuqtai nazaridan "Real" o‘zini hech kim bilan taqqoslay olmaydi. Shuning uchun bizlarni boshqalar bilan solishtirmoqchi emasman. Men faqat o‘zimiz haqimizda gapiraman va muammolarimiz, nimalarni yaxshilashimiz mumkinligi haqida xotirjam fikr bildiraman.
Hatto "Real" haqida ijobiy gap eshitish tobora qiyinlashib borayotgan bo‘lsa ham, biz kamtarlikni saqlagan holda ishlashda davom etyapmiz. Muammolarimizni tan olamiz, ammo jamoamizda juda yaxshi jihatlar ham borligini bilamiz.
Uchta o‘yinda oxirgi daqiqalarda gol urishimiz kerak bo‘lganda, jamoa jismoniy va ruhiy kuchini, fidoyiligini hamda qat’iyatini saqlab qoldi.
Ochiq aytish mumkin: "Elche"ga qarshi 2:0 hisobida oldinda bora turib, 80-daqiqadan keyin raqibga hisobni tenglashtirish imkonini berish — normal holat emas. Ammo shundan so‘ng biz o‘zgarish kiritdik, birinchi vaziyatni, keyin ikkinchisini, uchinchisini yaratdik va g‘alaba qozondik.
"Betis"ga yutqazish ham normal emas, ammo biz ishonchni yo‘qotmadik. Penaltidan gol ura olmadik, lekin yangi hujumlar uyushtirish uchun kuchimiz qolgan edi.
Jamoamizda sifatdan tashqari yana juda muhim kuch bor. Bu — jamoaviy kuch. Ana shu jihat menga ishonch bag‘ishlaydi. Mavsum — marafon, sprint emas", — dedi Mourinyu.