Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-19 ayollar terma jamoasi Xitoyning Nankin shahrida davom etayotgan Osiyo chempionatida ishtirok etmoqda.
Bugun terma jamoa a’zolari tiklanish mashqlarini bajarishdi. Xitoyga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchilar yengil mashg‘ulot olib borishgan bo‘lsa, qolgan futbolchialr odatiy ravishda mashqlarda qatnashishdi.
Ta’kidlash kerakki, o‘zbekistonlik futbolchi qizlar ilk o‘yinda musobaqa mezboni Xitoy terma jamoasiga yengilishgan bo‘lsa-da, ular namoyish etgan o‘yin ko‘pchilikda ijobiy taassurot qoldirdi. Bu holatni bugun terma jamoa bosh murabbiyi Bahrom Norsafarov bilan suhbatlashish uchun delegasiya a’zolari istiqomat qilayotgan olimpiya shaharchasiga tashrif buyurgan Osiyo Futbol Konfederasiyasi vakillari ham e’tirof etishdi.
OFk vakillari Bahrom Norsafarov bilan suhbatda qanday qilib qisqa muddat ichida O‘zbekistonda ayollar futbolining saviyasi bu qadar oshgani, terma jamoa futbolchilarini muhim musobaqalarga ruhiy, jismoniy va taktik jihatdan tayyorlashda qanday chora-tadbirlar qo‘llangani bilan qiziqishdi. O‘z o‘rnida, bosh murabbiy OFK rasmiylariga o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi hamda ayollar futbolini rivojlantirish borasida O‘FF tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqida so‘zlab berdi.
OFK vakillari O‘zbekiston U-19 ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi bilan bir yarim soatdan ortiq davom etgan suhbat davomida tilga olingan muhim ma’lumotlar mintaqamizda ayollar futbolini rivojlantirishda muhim omillardan biri bo‘lishini ta’kidlab o‘tishdi.
O‘zbekiston U-19 ayollar termasi ertaga, Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yin oldidan so‘nggi mashg‘ulotni o‘tkazadi. O‘yin 18 oktyabr, chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00da boshlanadi.