Xabaringiz bor, shu yilning 1 oktyabr kuni O‘zbekiston Futbol Federasiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov Dubayda Birlashgan Arab Amirliklari Futbol Uyushmasi vise-prezidenti Abdulla Nosir al-Junaybiy bilan uchrashgandi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va BAA futbolini yanada rivojlantirish uchun hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, O‘zbekiston Futbol Federasiyasi va Birlashgan Arab Amirliklari Futbol Uyushmalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash orqali o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ikki mamlakat yoshlari orasida futbolni yanada ommalashtirish uchun amalga oshirilishi kutilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida suhbat olib borib, uchrashuv yakunida O‘FF va BAA Futbol Uyushmasi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumini imzolangandi.
Ana shu memorandum asosida O‘zbekiston va BAA futzal terma jamoalari o‘rtasida Sharja shahrida ikkita o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etildi. Bahodir Axmedov shogirdlari har ikki uchrashuvda 5:4 va 4:0 hisoblarida g‘alaba qozonishdi. Bugun, 4 noyabr kuni futzalchilarimiz poytaxtimizga qaytib kelishdi.
Eslatib o‘tamiz, futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Eronning Tabriz shahrida bo‘lib o‘tgan OCH saralash bosqichi «A» guruhida 1-o‘rinni egallab, Osiyo chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Futzal bo‘yicha qit’a birinchiligi 2018 yilning 6–18 fevral kunlari Xitoy Taypeyida bo‘lib o‘tadi.