Avvaliga mehmonlarga marhamat, keyin mezbonlarga izzat, yakunda mojaroli va golsiz murosa - bular 5-turning umumiy yaxlit tasavvuri.
Oddiy aytganda, o‘tgan hafta Superliga jamoalari «Tegirmon navbati bilan» maqoliga amal qildi, go‘yo.
Ya’ni tur o‘yinlari mehmonlarning ikki g‘alabasi bilan boshlandi, keyin mezbonlarga navbat berildi, yakunda 2ta durang qayd etildi.
1-KUN: MEHMONLARGA MARHAMAT
5-turni «Neftchi» - AGMK o‘yini ochib berdi. Farg‘onaliklar bu bahs-da joriy mavsumdagi gollari va g‘alabalari hisobini ochishni ko‘zlashgandi. Biroq ular bu vazifaning bir qismini uddalashdi, xolos. Ya’ni 5-o‘yinga kelib, nihoyat, ilk golni nishonlashdi.
Biroq Jalil Kimsanov raqib darvozasini ish-g‘ol qilgunicha mehmonlar 2:0 hisobida oldinga chiqib olishgandi. E’tiborlisi, AGMKning har ikki goliga Shohnazar Norbekov hammualliflik qildi. U avvaliga Lutfulla To‘rayev, keyin Vadim Chemirtanni yaxshi vaziyatga olib chiqdi.
Tabiiyki, hisob qisqargach, «Neftchi» vakillari o‘yinni qutqarib qolish ilinjida oldinga tashlanishdi, ammo hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda qarshi hujumni o‘tkazib yuborishdi va oqibatda Vitaliy Mirniy raqib hujumchisi Vadim Chemirtanga nisbatan qo‘pollik ishlatishdan o‘zga chora topolmadi - penalti.
Uni Yovan Jokich sovuqqonlik bilan amalga oshirib, yakuniy hisobni o‘rnatdi - 1:3 (serbiyalik yarim himoyachi joriy mavsum 3-marta 11 metrli nuqtaga yaqinlashib, 3-golini urdi). Fakt: «Neftchi» chempionatimiz elit ligasida oxirgi marta avvalgi mavsumning 29-turida «Mash’al» bilan o‘yin (51-daqiqa)da gol urgandi.
Xullas, farg‘onaliklar 567 daqiqaga cho‘zilgan quruq seriyaga barham berishdi. Ammo ikkinchi tomondan, jamoa-ning mag‘lubiyatli seriyasi 3ta o‘yinga yetdi.
Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi o‘yinda ham mehmonlar zafar quchishdi. Aslida «Qizilqum» kamida 1 ochko olishga haqli o‘yin ko‘rsatdi, «Bunyodkor» esa tartibli harakatlariyu, rejali hujumlari bilan ajralib turdi. Hammasini o‘yinning yakuniy qismida Javlon Ibrohimov tomonidan berilgan samarali zarba hal qildi.
E’tiborlisi, «Bunyodkor» yarim himoyasida asosan «qora» ishlar bilan shug‘ullanuvchi bu futbolchi faoliyati davomida ilk marta chempio-natning ketma-ket 2ta uchrashuvida gol quvonchini tuydi. Umuman, 2007 yildan buyon elit ligada to‘p surayotgan Ibrohimov jami 150tadan ortiq uchrashuvda maydonga tushib, 11ta gol muallifiga aylangandi.
Qizig‘i, u biror mavsumda 2tadan ortiq gol urmagan. Demak, bu yil shaxsiy natijasini bemalol yaxshilashi mumkin. Mirjalol Qosimov jamoasining g‘alabali odimi 4ta o‘yinga yetganini ham alohida ta’kidlash kerak. Diqqatga sazovor tomoni - «Bunyodkor» shulardan 3tasida 1:0 hisobini qayd etdiki, bu Qosimov tomonidan yo‘lga qo‘yilgan tartibli o‘yin samarasi bo‘lsa kerak.
2-KUN: MEZBONLARGA IZZAT
Tur doirasidagi dastlabki 2ta bahsda mehmonlar g‘alaba qozongan bo‘lishsa, keyingi 2tasida mezbonlar ustun kelishdi. «Buxoro» - «Paxtakor»: bu o‘yinda Ismoil Gonsalveshning penaltidan foydalanolmagani (uning zarbasi noaniq chiqdi) mehmonlarga salbiy, mezbonlarga esa ijobiy turt-ki berdi.
Harqalay, portugaliyalik hujumchi vaziyatni ko‘kka sovurganidan ko‘p o‘tmay, buxoroliklar hisobni ochishdi: Arslonmurat Amanov to‘pni o‘ng qanotdan jarima maydonchasiga yetkazib bergach, Salamat Qutiboyev uni darvozaga yo‘lladi - 1:0. Ayni shu gol yagonaligicha qoldi.
Ha, jamoalar ikkinchi 45 daqiqalikda ham bir qator xavfli vaziyatlar yaratishdi, ammo darvozani ishg‘ol qilish hech qaysi tomonga nasib etmadi. O‘xshashlikni qarang, «Paxtakor»ning yangi legioneri - Ismoil Gonsalvesh xuddi AGMK vakili Yovan Jokich kabi 5ta o‘yinda 3 marta penalti tepdi, ammo undan farqli o‘laroq, bitta urinishda xato qildi.
Darvoqe, «Paxtakor» 2-turda «Bunyodkor»ga qarshi kechgan o‘yinda ham 1ta penaltidan foydalanolmagan va 0:1 hisobida ikkoniyatni boy bergandi. To‘g‘ri, o‘shanda Gonsalvesh maydonda yo‘qligi bois, penaltini aynan uning o‘rniga tushgan Jasur Hakimov tepgandi.
«Metallurg» mag‘lubiyatsiz odimini davom ettirdi. Bekobodliklar bu safar o‘z maydonlarida «So‘g‘diyo-na»ni javobsiz 2ta gol bilan «siylashdi». O‘yinning birinchi bo‘limi asabiy tarzda kechdi. Hattoki, tanaffusga chiqish arafasida tortishuv yuzaga keldi va bosh hakam Zokir Qodirov bir yo‘la 3 nafar futbolchini sariq kartochka bilan «taqdirladi.
3 ochko taqdiriga oydinlik kiritgan 2ta gol esa ikkinchi bo‘limning birinchi qismida, qandaydir 5 daqiqa oralig‘ida urildi. «Metallurg» vakillarining har ikki holatda stantart vaziyatdan unumli foydalanishgani diqqatga sazovor.
55-daqiqa: Zafar To‘rayev to‘pni Shahzod Shaymanovga tashlab bergach, u jarima maydoniga kirmasdan zarba yo‘lladi va Dilshod Hamroyev ojiz qoldi. 60-daqiqa: yana jarima zarbasi. Farqli tomoni, bu safar Islom Isoqjonov darvozani mo‘ljalga oldi va to‘p «jonli devor»ga tegib, yo‘nalishini biroz o‘zgartirgancha to‘rga «ilindi».
Andrey Shipilov shogirdlarining 4ta o‘yindan buyon maydonni golsiz tark etmayotganlaridan xursand bo‘lsa, Aleksandr Mochinov ketma-ket 3ta mag‘lubiyatdan so‘ng «So‘g‘diyona» bosh murabbiyi lavozimidan ayrildi - iste’fo.
3-KUN: MOJAROLI VA GOLSIZ MUROSA
Shanba kungi o‘yinlarda mezbonlar ham, mehmonlar ham nasibasiz qolishmadi.
Muhimi, har ikki uchrashuvda keskinlik ufurib turdi. «Lokomotiv» - «Qo‘qon-1912» o‘yini No‘’mon Hasanov jamoasi uchun omadli boshlandi. 8-daqiqada «temiryo‘lchilar» jarima maydoni ichida Javohir Siddiqovni qo‘pollik bilan to‘xtatib qolishgach, hakam penalti belgiladi va uni Murod Xolmuhammedov aniq amalga oshirdi.
Ko‘p o‘tmay, hisobdagi muvozanat tiklandi - maydon egalari standart vaziyatdan unumli foydalanishdi. Aniqrog‘i, himoyachi Aleksandr Merzlyakov to‘pni qaytarishda xatolikka yo‘l qo‘yib, uni o‘z jamoasi darvozasiga burib yubordi - 1:1. Bu holatda Marat Bikmayev yaqqol o‘yindan tashqari holatda qolgandi, biroq laynsmenning xatosi...
O‘yin oxirlarida yana bir qator munozarali holatlar yuzaga keldi: 79-daqiqada Sardor Rashidov «Qo‘qon-1912» kiperi O‘tkir Yusupov bilan to‘qnashib ketgach, bosh hakam Valentin Kovalenko avvaliga penalti nuqtasiga ishora qildi, ammo qanot hakamining aralashuvidan so‘ng qarorini o‘zgartirdi.
Yakunda braziliyalik Nivaldo xurmacha xatti-harakatlari bilan ko‘zga tashlandi. U O‘tkir Yusupovga Zidan uslubida «kalla qo‘ydi» va evaziga Kovalenkodan «qizil» oldi (bu o‘yindagi mojarolar va hakamlik, shuningdek, «Buxoro» - «Paxtakor» bahsiga bog‘liq holatlar haqida berilgan rasmiy bayonotni 14-15-sahifalarda o‘qishingiz mumkin).
Tur bo‘yicha eng kam muxlis yiqqan uchrashuvda aslida tomonlardan biri g‘alabani ilib ketishi hech gap emasdi. Biroq 85-daqiqada darvozabon qarshisida yolg‘iz qolgan «Qo‘qon-1912» faxriysi Nosir Otaqo‘ziyev o‘ta qulay imkoniyatni qo‘ldan chiqardi.
Keyin antiqahramon - Nivaldoning zarbasini O‘tkir Yusupov mo‘’jizaviy tarzda bartaraf etdi. E’tiborni tortgan yana bir holat shuki, «Loko» ustozi Mirko Yelechich o‘yin davomida Sardor Rashidovni zaxiradan maydonga tushib, yana zaxiraga olishga ulgurdi.
5-tur doirasidagi oxirgi o‘yin - «Navbahor» - «Nasaf» bahsi «markaziy» maqomini to‘la oqladi. Lekin futbol sifati emas, asosan stadiondagi muhit bo‘yicha.
Yo‘q, 15 mingdan ko‘p muxlis chindan ham, qizg‘in kurashga guvoh bo‘ldi, ammo asosiysi - gol kuzatilmadi. Vaholanki, mezbonlardan Oston O‘runov, Aziz Turg‘unboyev va Azamat Allaniyozov, qarshiliklardan esa Islom Rashidxonov, Slavko Lukich hamda Dragan Cheran yaxshigina vaziyatlarga chiqishgandi. «Nasaf»ni Turg‘unboyev va Allaniyozov zarbalaridan so‘ng darvoza ustuniyu, to‘sini qutqarib qolganini ham ta’kidlash joiz.
Shu tariqa Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi mag‘lubiyatsiz odimini davom ettirdi (2ta g‘alaba va 3ta durang), «Navbahor» esa Superligadagi himoyasi eng mustahkam 3ta jamoadan biri bo‘lib turibdi (Ilhom Mo‘minjonov shogirdlari atigi 2ta gol qo‘yib yuborishgan).
TUR QAHRAMONI - O‘TKIR YUSUPOV
«Qo‘qon-1912»ning kechagina BAAdan yirik hisobli g‘alaba bilan qaytgan «Lokomotiv» maydonida mardonavor kurashgani tahsinga loyiq.
Ayniqsa, jamoa darvozaboni O‘tkir Yusupov bir necha vaziyatda jonbozlik ko‘rsatdi. Misol uchun, oxirida Nivaldoning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasiga qarshi chiroyli «seyv» namoyish etganini aytish mumkin. To‘g‘ri, braziliyalik legionerning o‘zini nazorat qilolmaganida O‘tkirning ham «qo‘li» bor.
Har holda, Nivaldo aynan darvozabonning e’tirozidan keyin «iz»dan chiqib ketdi. Ammo biz Yusupovning darvozada ishonch bilan turganini inobatga olib, uni tur qahramoni maqomiga loyiq ko‘rdik.
TUR IQTIBOSLARI
- Tanaffusda yigitlar bilan o‘zaro jiddiy gaplashib oldik: qo‘rqish emas, o‘ynash kerak. Bu o‘z mevasini berdi. Lutfulla To‘rayev (AGMK yarim himoyachisi).
- Tan olaman, o‘yin durang natijaga mos edi. Muhimi, oxirgi daqiqalarda faollikni oshirdik va bu g‘alabamiz omili bo‘ldi. Mirjalol Qosimov («Bunyodkor» bosh murabbiyi).
- Futbolda omadga ham ko‘p narsa bog‘liq. Hozircha omad bizga kulib boqmayapti... Aleksandr Mochinov («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi).
- Penaltidan ham gol urolmaganimizdan keyin jamoamiz ruhan yengildi, go‘yo. Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi).
- Maydonga tushish oldidan ham futbolchilarga bu raqibni faqat tartibli va intizomli o‘yin orqali yengish mumkinligini uqtirgandim. Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro» bosh murabbiyi).
- Ikki tomon o‘yinida ham xatolar kuzatildi. Bu futbol va xatosiz o‘ynashning iloji yo‘q. No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi).
- Umuman, ikki jamoada ham g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirish imkoni bor edi. Masalan, bizni darvoza ustuni va to‘sini qutqardi. Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf» bosh murabbiyi).
-----------------------------------------------------------------------
«NEFTCHI» - AGMK - 1:3 (0:0)
5 aprel. Farg‘ona. «Istiqlol» stadioni. 11121 tomoshabin.
Hakamlar: R.Ermatov (Toshkent), A.Rasulov (Toshkent), J.Saidov (Toshkent).
Gollar: J.Kimsanov (79) - L.To‘rayev (49), V.CHemirtan (63), Y.Jokich (90+2-pen.).
«Neftchi»: 77. V.Mirniy, 3. SH.Po‘latov, 5. J.Kimsanov, 9. A.YUsupov (8. A.Maxstaliyev, 61), 10. A.Berdiyev (6. O.Ahmadjonov, 82), 20. H.G‘ofurov, 22. A.Isroilov, 23. A.Abdulhaqov, 27. D.Mamatov (19. A.O‘lmasaliyev, 60), 55. A.Agaliyev, 95. D.Tursunov.
AGMK: 33. P.Matyash, 2. A.Hojiakbarov, 4. X.Muxtorov, 8. M.Muzaffarov (5. D.Jo‘rayev, 83), 9. Z.Polvonov (87. V.CHemirtan, 30), 10. SH.Norbekov (22. A.Abdullayev, 85), 13. L.To‘rayev, 15. V.Bubanya, 19. V.Kasminin, 23. Y.Jokich, 24. J.Guseynov.
Ogohlantirishlar: H.G‘ofurov (33) - V.Kasminin (38), V.CHemirtan (57), A.Hojiakbarov (68).
Nazoratchi: A.Arutyunov (Toshkent).
Komissar: A.Frolov.
Viktor Kumikov (AGMK bosh murabbiyi): - Birinchi bo‘limni sust o‘tkazdik. 1-2ta vaziyatni hisobga olmaganda, esda qolarli hech narsa kuzatilmadi. Tanaffusda esa futbolchilarga zarur ko‘rsatmalar berdik, ularni sergaklantirdik.
Xususan, o‘z kuchlariga ishonishlari kerakligini uqtirdik. Natijada tanaffusdan so‘ng ustunlikni o‘z tomonimizga og‘dirib, yakunda haqli g‘alabaga erishdik.
- AGMK bugun Farg‘onada ilk marta g‘alaba qozondi. Buni va futbolchilar harakatini qanday baholaysiz?
- Yigitlar o‘yinlariga munosabatimni tanaffusda o‘zlariga aytdim. Muhimi, ular ikkinchi bo‘limda yaxshi harakatlanishdi. Albatta, bu g‘alaba bilan olmaliqliklarni tabriklayman.
Lutfulla To‘rayev (AGMK yarim himoyachisi): - Murabbiyimiz gaplariga to‘liq qo‘shilaman. Birinchi bo‘limda darhaqiqat, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatolmadik. Tanaffusda esa yigitlar bilan o‘zaro jiddiy gaplashib oldik: qo‘rqish emas, o‘ynash kerak. Bu o‘z mevasini berdi.
Bahrom Haydarov («Neftchi» murabbiyi): - Avvalo, bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislardan uzr so‘raymiz. Bugungi mag‘lubiyat oxirgisi bo‘lib qolishiga harakat qilamiz. AGMKni esa g‘alaba bilan tabriklayman. Umuman olganda, bizga vaziyatlardan foydalanolmaslik pand bermoqda.
Olmaliqliklar asosan qarshi hujumlar va «standart»larga tayanishlarini bilardik va shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. «Paxtakor» bilan o‘yinda bo‘lgani kabi yana e’tiborsizlik ortidan gollar qo‘yib yubordik. Keyingi uchrashuvlarda bunday xatolarni takrorlamasligimiz kerak.
Jalil Kimsanov («Neftchi» himoyachisi): - Aslida yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Hammasi biz uchun yaxshi davom etayotgandi ham. Ammo birinchi bo‘lib gol qo‘yib yuborganimiz ta’sir qildimi, hujumga o‘tib ketish oqibatida himoyada yana xato qildik. Endi keyingi o‘yin-larda g‘alaba qozonmasak bo‘lmaydi.
----------------------------------------------------------------------
«QIZILQUM» - «BUNYODKOR» - 0:1 (0:0)
5 aprel. Navoiy. «Yoshlar» sport majmuasi. 11253 tomoshabin.
Hakamlar: V.Serazetdinov (Toshkent), A.Sapenko (Toshkent vil.), T.Gaynulin (Toshkent).
Gol: J.Ibrohimov (84).
«Qizilqum»: 1. E.Jabborov, 7. N.Kamolov, 11. D.Usmonov, 14. F.Qambarov, 16. A.YUsupov (18. S.SHodmonov, 46), 17. A.Gevorkyan, 21. M.Ubaydullayev, 23. SH.Jo‘rayev, 30. E.Grigalashvili (8. A.Rustamov, 60), 44. M.Qosimov, 70. A.Sidorov (84. N.Yovanovich, 86).
«Bunyodkor»: 32. S.Sultonov, 2. R.Ashurmatov, 4. A.Komilov, 6. A.G‘ofurov, 8. J.Ibrohimov, 11. M.Toshmatov, 18. S.Sobirxo‘jayev, 20. M.Sulaymonov, 30. X.G‘iyosov (13. S.Qodirqulov, 88), 44. M.Qosimov (28. D.Umirov, 56), 99. F.Rayevas (9. SH.Nurmatov, 65).
Ogohlantirishlar: SH.Jo‘rayev (40) - M.Sulaymonov (23), M.Qosimov (49), J.Ibrohimov (90+2).
Nazoratchi: A.Hotamov (Toshkent).
Komissar: R.CHernikov.
Mirjalol Qosimov («Bunyodkor» bosh murabbiyi): - O‘yin ancha qiyin kechdi. Raqib tarkibi tajribali futbolchilardan shakllantirilgan. Mezbonlar ayniqsa, qarshi hujumlar orqali yetarlicha muammo tug‘dirishdi. Xususan, birinchi bo‘lim oxirida Doniyor Usmonov zarbasidan keyin to‘p darvoza ustuniga tegib qaytdi.
Bilmadim, agar o‘sha vaziyat gol bilan tugaganida, o‘yin qanday tus olardi...? Fikrimcha, 60-daqiqalardan keyin o‘z o‘yinimizni topdik va nazoratni qo‘lga oldik. Buning natijasida gol ham urdik va muhim g‘alaba bilan qaytyapmiz.
Tan olaman, bahs durang natijaga mos edi. Muhimi, oxirgi daqiqalarda faollikni oshirdik va bu g‘alabamiz omili bo‘ldi. «Qizilqum»ga qarshi bahs tarixda qoldi, endi keyingi uchrashuvlar haqida bosh qotirishimiz kerak.
Javlon Ibrohimov («Bunyodkor» yarim himoyachisi): - G‘alaba qozonish yoqimli, ayniqsa, safarda. Ancha ter to‘kishimizga to‘g‘ri keldi. Odatda bunday uchrashuvlar taqdirini birgina gol hal qiladi. Bu safar mening golim g‘alabani ta’minlaganidan xursandman, albatta.
Hamidjon Aktamov («Qizilqum» bosh murabbiyi): - Qiziqarli va shiddatli o‘yin guvohiga aylandik. Ikki jamoa ham g‘alaba ilinjida harakat qildi. Tabiiyki, muxlislarimizga xursandchilik ulashishni o‘ylagandik. Afsuski, buni uddalolmadik. Umuman, maydonda tengma-teng kurash bordi va kamida bir ochko olishimiz kerak edi.
Biroq oxirgi daqiqalarda qo‘yib yuborilgan gol qimmatga tushdi. Omad ham raqib tomonida bo‘ldi. Agar yaratilgan vaziyatlardan foydalanganimizda, bemalol 3 ochko olishimiz ham hech gap emasdi. So‘nggi o‘yinlarda yetakchilarimiz jarohatlanishmoqda.
Avvalgi turda Sanoyev safdan chiqqandi, bugun esa Grigalashvili bahsni yakunlay olmadi. Qolaversa, 2ta uchrashuvdan buyon yetakchimiz va sardorimiz Erkin Boydullayev xizmatidan foydalanolmayapmiz. O‘ylaymanki, keyingi turlarda kerakli natijalarni qayd eta olamiz.
Mirjalol Qosimov («Qizilqum» yarim himoyachisi): - Maqsadimiz g‘alaba qozonish edi. Afsuski, imkoniyatni boy berdik. Ha, «Bunyodkor» tajribali jamoa va bejiz musobaqa jadvalida peshqadamlik qilmayapti. Ammo bugun mag‘lubiyatga loyiq o‘yin ko‘rsatmagandik...
«METALLURG» - «SO‘G‘DIYONA» - 2:0 (0:0)
6 aprel. Bekobod. «Markaziy» stadioni. 7416 tomoshabin.
Hakamlar: Z.Qodirov (Navoiy), R.Samandarov (Navoiy), O.Jumayev (Navoiy).
Gollar: SH.SHaymanov (55), I.Isoqjonov (60).
«Metallurg»: 1. Z.Safoyev, 5. A.Otaxonov, 8. SH.SHaymanov, 9. Z.O‘rinboyev, 10. I.Isoqjonov (99. P.Purishkin, 83), 16. J.Hasanov, 37. SH.Fayziyev, 55. A.Ismatullayev (77. M.Isayev, 63), 88. A.Husinov, 90. Z.To‘rayev (7. S.Nurullayev, 59), 91. P.Smolyachenko.
«So‘g‘diyona»: 23. D.Hamroyev, 4. E.Oripov (33. T.SHamsiddinov, 16), 5. F.Mirahmatov, 7. D.Odilov, 9. S.Azimov, 10. SH.Norxonov, 19. A.Ziyovuddinov (77. I.Abdullayev, 58), 26. A.Xolmurodov, 31. J.Abdumo‘minov, 85. R.Melzitdinov, 99. N.To‘xtasinov (2. S.Qulmatov, 84).
Ogohlantirishlar: Z.Safoyev (45+4), A.Otaxonov (50), P.Smolyachenko (76) -R.Melzitdinov (45+4), J.Abdumo‘minov (45+4), D.Odilov (52), F.Mirahmatov (89).
Chetlatish: R.Melzitdinov (80, S.).
Nazoratchi: F.Abdullayev (Toshkent).
Komissar: L.Qo‘chqorov.
Aleksandr Mochinov («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi): - Avvalo, «Metallurg»ni g‘alaba bilan tabriklayman. Juda qiziqarli va kurashlarga boy o‘yin ko‘rdik. Menimcha, futbol sifati muxlislarga ma’qul bo‘ldi.
Bizda yana o‘sha muammo - vaziyatlardan unumli foydalanolmayapmiz. Bugun har ikki jamoa g‘alaba uchun kurashdi. Lekin futbolda omadga ham ko‘p narsa bog‘liq. Hozircha omad bizga kulib boqmayapti...
Andrey Shipilov («Metallurg» bosh murabbiyi): - O‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan edik. Deylik, «Nasaf»ga qarshi uchrashuvda durang qayd etganimizdan keyinoq futbolchilarga «So‘g‘diyona» osongina yengilmasligini uqtirgandim. Hammasi kutganimdek bo‘ldi.
Dastlabki 15-20 daqiqa mobaynidagi kuchli bosim harakatlarimizga salbiy ta’sir qildi. Muhimi, tezda o‘zimizni o‘ngladik. Bunda raqibni obdon o‘rganganimiz qo‘l keldi. Ikkinchi bo‘limda esa tezlikni oshirdik va standart vaziyatlarda oldindan tayyorlab qo‘ygan rejamiz ish berdi.
Umuman, barcha shogirdlarim harakatlaridan qoniqish hosil qildim. Jamoani o‘yinga puxta tayyorlashda yordam bergan murabbiylar shtabiga alohida rahmat. Oldimizda yanada murakkab o‘yinlar turibdi.
Chempionat doirasida poytaxtning ikki grandi - «Bunyodkor» va «Paxtakor» bilan kuch sinashamiz. Bu o‘yinlar oralig‘ida esa O‘zbekiston kubogi dastlabki bosqichi uchrashuvi bor - Jizzaxga boramiz. Demak, ishlash va muxlislarimizni xursand etishdan to‘xtamaymiz.
-------------------------------------------------------------------------
«BUXORO» - «PAXTAKOR» - 1:0 (1:0)
6 aprel. Buxoro. «Buxoro» stadioni. 15150 tomoshabin.
Hakamlar: T.To‘xtasinov (Andijon), A.Marajabov (Andijon), Z.Abdurahmonov (Andijon).
Gol: S.Qutiboyev (43).
Amalga oshirilmagan penalti: I.Gonsalvesh (38, P.).
«Buxoro»: 30. A.Omonov, 7. A.Amanov (77. J.Qahramonov, 58), 8. S.Qutiboyev, 10. SH.Salomov, 11. S.SHixov, 14. B.Nasimov (22. SH.Erkinov, 67), 16. A.Filiposyan, 18. SH.Mullajonov (5. M.Klisura, 83), 27. R.Hasanov, 28. E.Ismoilov, 89. S.Ruseskiy.
«Paxtakor»: 25. E.Suyunov, 2. A.SHorahmedov, 4. SH.A’zamov, 7. A.Ahmedov, 9. J.Masharipov, 11. I.Gonsalvesh (20. J.Hakimov, 77), 22. J.YAxshiboyev (27. D.Ibrohimov, 86), 29. V.Kozak, 55. M.Simich, 77. T.Bezerra, 80. R.Griffits (10. J.Iskanderov, 83).
Ogohlantirishlar: A.Filiposyan (37), B.Nasimov (56), S.SHixov (72), SH.Salomov (82), A.Omonov (86) - SH.A’zamov (56), R.Griffits (59), V.Kozak (69), I.Gonsalvesh (74), Jasur Hakimov (90+2).
Nazoratchi: B.Tog‘ayev (Toshkent).
Komissar: M.Saidqosimov.
Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi): - O‘yin murakkab tus olishini kutgandik. Amalda ham shunday bo‘ldi. Birinchi bo‘limdagi vaziyatlardan samara chiqarishimiz shart edi. Zero, bu kabi o‘yinlarda birinchi golni urish juda muhim.
Hattoki, penaltidan ham gol urolmaganimizdan keyin jamoamiz ruhan yengildi, go‘yo. «Buxoro» bu holatdan foydalanib, tanaffusga qadar hisobni ochdi. Qaytaraman, ilk 45 daqiqalikda bizda imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim esa asosan to‘xtalishlar bilan esda qoldi.
Tushunaman, yutayotgan jamoa sur’atni tushirishga, yutqazayotgan tomon esa tezkor o‘ynashga intiladi. Bu orada vaqt o‘tib boraveradi. Yana nima derdim, «Buxoro»ni g‘alaba bilan tabriklayman.
Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro» bosh murabbiyi): - «Paxtakor»ni sinchiklab o‘rganib chiqdik. Xususan, maydonga tushish oldidan ham futbolchilarga bu raqibni faqat tartibli va intizomli o‘yin orqali yengish mumkinligini uqtirgandim. Muhimi, jamoam amalda xuddi shunday o‘ynadi va muhim g‘alabaga erishdi.
Buning uchun shogirdlarimga minnatdorchilik bildiraman va muxlislarimizni ham g‘alaba bilan tabriklayman, albatta. Arslonmurat Amanovning holati bo‘yicha hozircha aniq ma’lumot berolmayman. Hammasi ertaga, to‘liq tibbiy ko‘rikdan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
-------------------------------------------------------------------------
«LOKOMOTIV» - «QO‘QON-1912» - 1:1 (1:1)
7 aprel. Toshkent. «Lokomotiv» stadioni. 3123 tomoshabin.
Hakamlar: V.Kovalenko (Toshkent), R.SHoyaxmetov (Toshkent), A.Po‘latov (Toshkent).
Gollar: A.Merzlyakov (17-avt.) - M.Xolmuhammedov (8-pen.).
«Lokomotiv»: 1. I.Nesterov, 5. K.Maxaradze, 6. Nivaldo, 7. S.Abdullayev (27. S.Rashidov, 31; 19. H.G‘ofurov, 84), 10. M.Bikmayev, 15. S.Mirzayev, 20. I.To‘xtaxo‘jayev, 22. S.SHoahmedov, 28. SH.Muhammadiyev, 33. O.Zoteev, 88. I.Yelich.
«Qo‘qon-1912»: 1. O‘.YUsupov, 5. G‘.Komilov, 10. J.Siddiqov, 15. O.Rustamov (19. S.Berdiyev, 54), 17. Q.Ro‘ziyev, 18. B.Pardayev (9. N.Otaqo‘ziyev, 66), 22. M.Xolmuhammedov, 23. A.Merzlyakov, 55. D.Gojkovich, 65. M.Milich, 96. M.Hasanov (95. M.Spremo, 61).
Ogohlantirishlar: O.Zoteev (35) - Q.Ro‘ziyev (16), M.Milich (26), M.Hasanov (35), N.Otaqo‘ziyev (66).
Chetlatish: Nivaldo (90, L.).
Nazoratchi: A.Popov (Toshkent).
Komissar: B.Mametov.
No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi): - Bugun chempionatimizning eng kuchli jamoasiga qarshi to‘p surdik. «Lokomotiv» - yaxshi shakllangan klub, o‘tgan yili bejiz chempion bo‘lmadi. Mana, amaldagi chempiondan ochko tortib oldik.
Hammasini hisobga olgan holda, hujumkorlikdan biroz voz kechib, himoyaviy o‘yinga tayandik. To‘g‘ri, birinchi bo‘limda himoyada ko‘p ushlanib qoldik. Tanaffusda esa yigitlarga oldinroqda o‘ynash zarurligini uqtirdim. Mashg‘ulotlar davomida asosan qarshi hujum tashkillash ustida ishlaganimiz samara berdi.
Qolaversa, bizda raqibga nisbatan ko‘proq dam olish imkoniyati bor edi. Futbolchilarga rahmat, ular ikkinchi bo‘limda ko‘rsatmalarimni yaxshi bajarishdi. Vaziyatlar to‘g‘risida aytsam, ikki jamoada ham g‘alaba qozonish imkoniyati bor edi. Shuningdek, ikki tomon o‘yinida ham xatolar kuzatildi. Bu futbol va xatosiz o‘ynashning iloji yo‘q.
Andrey Miklyayev («Lokomotiv» bosh murabbiyi): - Aslida yomon o‘yin namoyish etganimiz yo‘q. Lekin natija... Bir qator qulay vaziyatlarni yuzaga keltirdik, ammo gol urishda omadimiz chopmadi. Zero, raqib butun jamoa bo‘lib himoyalandi. So‘nggi vaqtlarda har 3-4 kunda maydonga tushyapmiz.
Bu zamonaviy futbol uchun oddiy holat. Chunki futbolchilar 3 kun ichida tiklanishadi. Deylik, bugun jismoniy tomondan ustunroq ko‘rindik. Faqat gol urish masalasida oqsayapmiz. Bilasiz, ba’zan omad muhim faktorga aylanadi. Qarang, o‘yinlar davomida ustunlikka erishyapmiz, ammo gol urolmaslik oqibatida mag‘lubiyatga uchrayapmiz yoki durang bilan cheklanyapmiz.
Umid qilamanki, bu holat tez orada o‘zgaradi. Axir oldinda OCHLning juda mas’uliyatli o‘yini bor. Unda g‘alaba qozonib, muxlislarimizga quvonch bag‘ishlashdan umidvormiz.
--------------------------------------------------------------------------
«NAVBAHOR» - «NASAF» - 0:0
7 aprel. Namangan. «Markaziy» stadioni. 15540 tomoshabin.
Hakamlar: V.Seytlin (Toshkent), T.Galeev (Toshkent), A.Sidorov (Toshkent).
«Navbahor»: 1. B.Ergashev, 6. O.O‘runov, 8. A.No‘’monov (11. Z.Pirimov, 69), 10. A.Turg‘unboyev, 12. N.Inyas (15. A.Allaniyozov, 46), 19. M.G‘ofurov. 21. A.Aliyev, 24. D.Hoshimov, 32. J.Mehmonov, 33. T.Payovich, 44. D.Stanoyevich.
«Nasaf»: 35. S.Quvvatov, 6. A.G‘aniyev, 7. O.Hamrobekov, 10. B.Abduxoliqov (17. D.Narzullayev, 78), 20. I.Kenjaboyev (77. J.Hasanov, 64), 22. I.Golban, 27. I.Rashidxonov (18. B.Davlatov, 84), 31. S.Rahmatov, 55. S.Lukich, 69. D.CHeran, 92. U.Eshmurodov.
Nazoratchi: S.Ermatov (Toshkent).
Komissar: B.Namozov.
Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf» bosh murabbiyi): - Kurashlarga boy o‘yin. Ikki jamoa ham g‘alabani ko‘zlagandi. Ehtimol, shuning uchun o‘yin sifat nuqtai nazaridan mazmunsizroq chiqqan bo‘lishi mumkin. O‘ylashimcha, durang - adolatli natija. Aslida «Navbahor»ni ham, «Nasaf»ni ham durang qanoatlantirmaydi.
Zero, oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan jamoa hech qachon 1 ochkoga ko‘nmaydi. Shunday ekan, natijadan qoniqmadim. Umuman, ikki jamoada ham g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirish imkoni bor edi. Masalan, bizni darvoza ustuni va to‘sini qutqardi. O‘zimiz esa qarshi hujumlarda yaxshi harakat qilolmadik.
So‘nggi uchrashuvlarda ko‘plab vaziyatlar yaratayotgan bo‘lsakda, ulardan samarali foydalanolmayapmiz. G‘alaba qozonish uchun esa vaziyatlarni golga aylantirish kerak. Xullas, asosiy kamchiligimiz - gol urolmayotganimiz. Himoyada bexato o‘ynash barobarida hujumda sovuqqonlik ko‘rsatish talab etiladi.
Cheran ma’lum vaqt davolanishga majbur bo‘ldi. Ayni payt unda o‘yin amaliyoti kamroq. Bugun uni «Navbahor» muxlislari bosimiga dosh berish asnosida o‘z kuchiga ishonch hissini qaytarishi uchun maydonga tushirdik.
Ikkinchidan, namanganliklar standart vaziyatlarda juda xavfli o‘ynashadi va Cheranning «ikkinchi qavat»da samarali harakatlanishini inobatga olgandik.
Sanjar Quvvatov («Nasaf» darvozaboni): - Bugun g‘alaba qozonishimiz ham, mag‘lubiyatga uchrashimiz ham mumkin edi. Bosh murabbiyimiz aytganidek, o‘yin uncha sifatli chiqmadi. Ammo maydonda keskin kurash sira tinmadi.
Shuningdek, muxlislar jamoalarni chiroyli qo‘llab-quvvatlashdi. Fursatdan foydalanib, Qarshidan kelib, bizga dalda bo‘lgan ishqibozlarimizga rahmat aytaman.
Ilhom Mo‘minjonov («Navbahor» bosh murabbiyi): - Birinchi navbatda, futbolchilarimizga minnatdorchilik bildiraman. Yigitlar qo‘llaridan kelganicha harakat qilib, eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazishdi. Lekin ozgina omad yetishmadi.
Aks holda, Azamat Allaniyozov va Aziz Turg‘unboyev tomonidan yo‘llangan zarbalardan keyin to‘p darvoza ustuniyu, to‘siniga tegib qaytmasdi... Nenad Inyas hali optimal sport formasiga kirgani yo‘q. 5ta tur ortda qolgan bo‘lsada, gollari hisobini ocholmayotganini shu bilan izohlayman.
Qolaversa, u bugun maydonga kichik jarohat bilan tushgandi. Qisqasi, Nenadning harakatlaridan qoniqmadik. O‘ylaymanki, u keyingi uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsatadi, albatta. Himoya chizig‘idan esa ko‘nglim to‘q. Chunonchi, 5ta o‘yinda 2tagina gol qo‘yib yubordik. To‘g‘ri, xotirjamlikka berilmasligimiz kerak.
O‘tgan mavsum ko‘rsatkichlarimiz yomonroq edi. Har qanday holatda ham, hujumchilarga imkoniyat beraveramiz. Bordiyu, Inyas gol urishni uddalay olmasa, uni zaxirada qoldirishimizga to‘g‘ri keladi. Ro‘zimboy Ahmedovning qachon maydonga qaytishi aniq emas - u hozircha tiklanish jarayoni bilan band.
Ayni payt ixtiyorimizda 3 nafar hujumchi bor - Inyas, Allaniyozov va Sardor Sulaymonov. Navbatdagi turlarda ulardan imkon qadar samarali foydalanishga harakat qilamiz. Oldinda bizni jiddiy o‘yin kutib turibdi. «So‘g‘diyona» bilan uchrashuvga munosib hozirlik ko‘ramiz, maqsadimiz - safardan 3 ochko bilan qaytish.
Oston O‘runov nafaqat jamoamiz, balki Superliganing eng yosh futbolchilaridan biridir. U ko‘p hollarda tashabbusni qo‘liga olmoqda va ba’zan xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Muhimi, O‘runovning o‘yini tobora sifatli chiqmoqda. Bugun esa biroz charchab qolgani uchun o‘rniga tajribali Dilshod Jabborovni tushirdik.
Botirali Ergashev («Navbahor» darvozaboni): - O‘yinda keskinlik yaqqol sezilib turdi. Afsuski, vaziyatlarni golga aylantirishda biroz omadimiz chopmadi. Ya’ni himoyada bexato harakatlandik, ammo hujumlarimiz samarasiz ketdi...
TUR STATISTIKASI
O‘yin: 6, Gol: 10 (o‘rtacha: 1,66...)
Tomoshabin: 63603 (o‘rtacha: 10600...)
Eng ko‘p tomoshabin kirgan o‘yin: «Navbahor» - «Nasaf» (15540)
Mezbonlar g‘alabasi: 2, Mehmonlar g‘alabasi: 2, Durang: 2
Yirik hisobli g‘alaba: - , Eng sermahsul o‘yin: «Neftchi» - AGMK (4ta gol)
Ogohlantirish: 30 (o‘rtacha: 5), Chetlatish: 2 (0,33...)
Eng «qo‘pol» o‘yinlar: «Metallurg» - «So‘g‘diyona» (7ta «sariq» + 1ta «qizil»), «Buxoro» - «Paxtakor» (10ta «sariq»)
Penalti: 3 (1tasi samarasiz), «Dubl»: -, «Xet-trik»: -, Avtogol: 1 (A.Merzlyakov, «Qo‘qon-1912»)
1 Bunyodkor 5 4 1 0 7-2 13
2 Paxtakor 5 3 0 2 7-3 9
3 Nasaf 5 2 3 0 6-3 9
4 Metallurg 5 2 3 0 5-2 9
5 Buxoro 5 3 0 2 7-6 9
6 Navbahor 5 2 2 1 4-2 8
7 AGMK 5 2 1 2 7-6 7
8 Qo‘qon-1912 5 2 1 2 4-3 7
9 Lokomotiv 5 1 2 2 5-5 5
10 Qizilqum 5 1 0 4 4-9 3
11 Neftchi 5 0 2 3 1-7 2
12 So‘g‘diyona 5 0 1 4 1-10 1
TO‘PURARLAR:
Elguja Grigalashvili («Qizilqum») - 3ta
Yovan Jokich (AGMK) - 3ta (3ta - pen.)
Bobur Abduxoliqov («Nasaf») - 2ta
Slavko Lukich («Nasaf») - 2ta
Xurshid G‘iyosov («Bunyodkor») - 2ta
Suhrob Nurullayev («Metallurg») - 2ta
Aziz Turg‘unboyev
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.