O‘zbekiston futbol assosiasiyasi yurtimizda malakali murabbiylarni tayyorlash, ularning saviyasini muntazam ravishda oshirib borish yo‘nalishida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Shu maqsadda O‘FA mutaxassislari tomonidan yurtimizning turli viloyatlarida OFK va O‘FAning murabbiylik lisenziyalariga ega mutaxassislarning kasbiy malakasini aniqlash bo‘yicha seminarlar tashkil qilish rejalashtirilgan.
Ana shunday seminarlardan biri 17 may kuni Andijon viloyatida boshlangani haqida avval xabar berib o‘tgandik. Tadbirda 200 nafardan ortiq murabbiylar qatnashyapti. Seminarning birinchi kuni barcha murabbiylardan bilim va ko‘nikmalari bo‘yicha imtihon olindi.
18 maydan esa murabbiylar amaliy imtihon topshirishni boshlashdi. Imtihon davomida murabbiylarning mashg‘ulotlar olib borishga qanday tayyorgarlik ko‘rganliklari, konspekt yozish, maydonni mashg‘ulotga tayyorlash, mashg‘ulot davomida bolalarga ko‘rsatmalar berib borish usuli, murabbiyning mashg‘ulot davomida o‘zini tutishi, futbolchilarning mashg‘ulotdagi xatolarini ko‘rsatib borish va o‘sha xatoni to‘g‘irlash borasida amalga oshiradigan xatti-harakatlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Amaliy imtihonlar 21 mayga qadar davom etadi.
Imtihonlar natijalari ko‘ra murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanish talabiga javob bermaydigan mutaxassislar tegishli murabbiylik sertifikatlari va lisenziyalaridan mahrum qilinadi.
Bunday seminarlar butun respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilishi rejalashtirilgan.