Shu kunlarda Yaponiya poytaxti Tokio shahrida Milliy olimpiya qo‘mitalari assosiasiyasi (MOQA)ning XXIII Bosh Assambleyasi o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov ham ishtirok etmoqda. Assambleya kun tartibidan Pxyonchxan va Buenos-Ayres Olimpiadalari yakunlari bo‘yicha hisobotlar tinglanishi, MOQA prezidenti, Bosh kotibi va mas’ullarning chiqishi, moliyaviy hisobotlar, WADA hisoboti va boshqa masalalar o‘rin olgan. Shuningdek, 2026 yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun nomzod shaharlar taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.
Undan tashqari tashkilot prezidentligi uchun saylovlar ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi. Insidethegames nashri ma’lumotiga ko‘ra, ushbu lavozim uchun yagona nomzod assosiasiyaning amaldagi rahbari shayh Ahmad Al-Fahad Al-Sabax hisoblanardi. O‘z navbatida, Sabax FIFA sobiq amaldori Richard Lay bilan bog‘liq yuzaga kelgan muammolar, shuningdek oilaviy sabablarga ko‘ra ixtiyoriy ravishda o‘z nomzodini qaytarib olishini ma’lum qildi. MOQAga vise-prezident sifatida saylangan Robin Mitchell endilikda tashkilotga vaqtinchalik prezident vazifasini bajaradi.
Ma’lumot uchun, shayh Ahmad Al-Fahad Al-Sabax 2012 yildan buyon MOQA prezidenti hisoblanardi. 1991 yildan hozirgi kunga qadar esa Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti sifatida ham faoliyat olib boradi.