AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tayotgan Jahon chempionati Shimoliy Amerikada momaqaldiroq va chaqmoqlar eng ko‘p kuzatiladigan mavsumga to‘g‘ri kelmoqda. Shu sababli turnir davomida ob-havo injiqliklari tufayli o‘yinlarning to‘xtatilishi ehtimoli juda yuqori.
Bunday vaziyatlarda FIFA o‘zining emas, balki mahalliy hukumat qoidalariga bo‘ysunadi. AQSHda uchrashuvlar Milliy Okean va Atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi (NOAA) ko‘rsatmalariga asosan boshqariladi.
Qoidaga ko‘ra, stadiondan 8 milya (taxminan 13 km) radiusda chaqmoq chaqishi qayd etilsa, o‘yin darhol to‘xtatilishi shart. Barcha futbolchilar maydonni tark etadi, muxlislar esa o‘rindiqlaridan turib xavfsizroq joyga o‘tishi talab qilinadi. Shundan so‘ng majburiy 30 daqiqalik kutish rejimi boshlanadi. Agar shu vaqt oralig‘ida yana chaqmoq chaqsa, taymer nollanadi va yana 30 daqiqa kutishga to‘g‘ri keladi. Bunday holatlarda bitta uchrashuv o‘rtacha 3-4 soatga cho‘zilishi mumkin
Agar vaziyat o‘nglanmasa, FIFA har bir holatni alohida ko‘rib chiqadi. Asosiy e’tibor minglab muxlislarning stadiondan uyga xavfsiz yetib olishiga qaratiladi. Mabodo uchrashuvni davom ettirishning mutlaqo imkoni bo‘lmasa, o‘yin boshqa kunga qoldiriladi. Bunda e’tiborli jihati shundaki, o‘yin boshidan emas, balki aynan to‘xtatilgan daqiqasidan va qanday hisob qayd etilayotgan bo‘lsa, xuddi shu holatdan davom ettiriladi.
Qaysi shaharlarda xavf yuqori?
Asosan AQSHning janubi-sharqiy hududlari va Ko‘rfaz sohillarida xavf yuqori. Xususan, Atlanta, Boston, Dallas, Hyuston, Kanzas-Siti, Mayami, Nyu-Jersi, shuningdek, Meksikaning Mexiko va Monterrey shaharlarida momaqaldiroqlar tez-tez kuzatiladi. Biroq Atlanta, Dallas va Hyustondagi stadionlar yopiladigan tomga ega bo‘lgani uchun ularda ob-havo o‘yinga ortiqcha ta’sir qilmaydi.