Xabaringiz bor, biroz avval “Bunyodkor” futbolchisi Jasur Jaloliddinov keyingi mavsumni Italiya V Seriyasi klubi “Benevento” safida davom ettirishi to‘g‘risida xabar bergan edik.
Futbolchi bilan bog‘landik va uning fikrlari bilan qiziqdik.
– Avvalambor uzoq kutilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Bugungi o‘yin haqida nima deya olasiz?
– Bu g‘alabani uzoq kutdik. OCHLga chiqishni maqsad qilganmiz. Qolgan ikki o‘yin ham finalga teng bo‘ladi. Bor kuchimizni ishga solib ko‘zlangan maqsadga erishamiz degan umitdaman.
– Bugun mana yana “Bunyodkor” asosiy tarkibiga qaytdingiz. Nima sababdan maydonga tushmayotgan edingiz?
– To‘g‘risi, “Bunyodkor”da maydonga tushmaganimga ancha bo‘lgandi. Shu sababdan muxlislarimiz qarshisida o‘ynashni juda sog‘ingan edim. Qaytishim omadli chiqdi va g‘alaba qozondik. “Bunyodkor”da o‘ynashning gashti bor.
– Keyingi mavsumni Italiyaning “Benevento” klubi safida davom ettirishingiz to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. Bu haqida qanday fikrdasiz?
– Bu xabarlar rost!
– Hammaga ma’lum Italiya chempionatida jismonan baquvvat futbolchilar to‘p suradi bu sizga qiyinchilik to‘g‘dirmaydimi?
– Gapingizga qo‘shilaman, lekin bunday katta imkoniyat bo‘lib turganda har qanday qiyinchilikka tayyorman.
– Qachon tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Italiyaga jo‘nab ketasiz?
– Italiyaga dekabrda ko‘rikdan o‘tish uchun borib kelaman. Agar hammasi yaxshi amalga oshsa, iyundan jamoa safiga qo‘shilaman.
Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi.