Qozog‘iston terma jamoasi 26-mart kuni Toshkentda O‘zbekistonga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazishi lozim edi. Bu haqda ikkala mamlakat futbol federatsiyalari 2019-yil noyabr oyida kelishib olishgandi.
Ammo, 2019-yil dekabr oyida Qozog‘iston terma jamoasi kutilmaganda o‘yinda ishtirok etishdan bosh tortdi. Matbuotda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, qozog‘istonliklar ustozi, chexiyalik mutaxassis Mixal Bilek UEFA a’zosining Osiyo jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazishida ma’no yo‘qligini aytgan va bahsning bekor qilinishiga erishgan.
Biroq, qozog‘istonlik jurnalist Aydin Qo‘jahmet buning sabablari boshqacha bo‘lganini aytdi.
"Qozog‘iston va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinining qoldirilishi haqida menda boshqa ma’lumotlar bor. Bunga terma jamoa murabbiyining xohishi sabab bo‘lmagan. Chunki yakunda O‘zbekiston o‘rniga Armaniston terma jamoasi tanlandi. Bu jamoani esa O‘zbekistondan kuchliroq deb bo‘lmaydi.
Gap shundaki, Qozog‘iston Futbol Federasiyasi prezidenti so‘nggi vaqtlarda o‘z ta’sir kuchini biroz yo‘qotdi. Shu tufayli, u prinsipial raqibga qarshi o‘yinda mag‘lub bo‘lishdan manfaatdor emas edi: "tepadagilar" buni kechirmasligi mumkin. O‘yinning qoldirilishi sababi shunday. Shunchaki biznikilar tavakkal qilishni istamadilar", - deb Qo‘jahmet so‘zlarini keltirmoqda futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayevning "Futbolium" kanali.