Qatar Milliy olimpiya qo‘mitasi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga 2032 yilgi Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.

“Bugungi bayonot XOQ komissiyasi bilan kelgusida bizning manfaatlarimizni o‘rganish va Qatarni rivojlantirish yo‘lida mazmunli muloqot boshlanganligini anglatadi. Ko‘p yillar davomida sport mamlakatimizni yuksaltirishning asosiy omillaridan biri bo‘lmoqda. Ana shu sinovdan o‘tgan xizmat ro‘yxati va boy tajriba XOQ komissiyasi bilan muzokaralarimiz asosini tashkil etadi”, – deb bayonot berdi Qatar Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti shayx Xamad bin Xalifa ol-Soniy.

Qatar bu borada bosqichma bosqich qadam tashlab kelmoqda. Doxa shahri 2006 yil Osiyo o‘yinlarini qabul qilgan. Oradan vaqt o‘tib, 2022 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionati mezbonligini qo‘lga kiritdi. Ana endi Olimpiya o‘yinlari mezbonligi uchun ham kurashni boshladi. Ilgariroq Turkiya, Hindiston va Avstraliya 2032 yilda Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish istagini bildirgan edi. Bu o‘yinlarni o‘tkazishga Janubiy Koreya va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi ham birgalikda buyurtma bergan.