O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan ajoyib tanlov e’lon qilganidan xabaringiz bor. Unga ko‘ra, dastlabki 3 o‘n yillik uchun eng yaxshi sportchilar saralab olindi va nomzodlar ro‘yxati ovoz berish uchun e’lon qilindi.

10-14 avgust kunlari roppa-rosa 5 sutka davom etgan dastlabki tanlovda 1991-2000 yillardagi eng yaxshi 5 nafar sportchimiz nomi ovozga qo‘yildi. Ushbu vaqt orasida 7822 nafar hamyurtimiz ovoz berish jarayonida qatnashdi va afsonaviy futbolchimiz Mirjalol Qosimov 2644 ovoz (34%) bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mirjalol Qosimovga bu borada mashhur bokschimiz Muhammadqodir Abdullayev nomzodi katta raqobat tug‘dirdi. Yakunda futbolchimiz 1 foiz farq bilan ustun keldi. Batafsil:

Ishtirokchilar soni: 7822

1-o‘rin: Mirjalol Qosimov – 2644 ovoz (34%)
2-o‘rin: Muhammadqodir Abdullayev – 2601 ovoz (33%)
3-o‘rin: Artur Grigoryan – 1005 ovoz (13%)
4-o‘rin: Lina Cheryazova – 948 ovoz (12%)
5-o‘rin: Armen Bagdasarov – 624 ovoz (8%)

Ertaga telegram kanalimizda 2001-2010 yillar uchun eng yaxshi sportchi nomi uchun nomzodlar e’lon qilinadi. O‘z navbatida, Milliy olimpiya qo‘mitasi mazkur tanlovda ishtirok etgan barcha muxlislarga tashakkur aytib, barchani kelgusi dasturlarda ham faol ishtirok etishga chorlab qoladi.

Ma’lumot uchun, Mirjalol Qo‘shoqovich Qosimov 1970 yil 17 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon va yoshlar o‘rtasida Yevropa chempioni, XII Osiyo o‘yinlari g‘olibi, 4 karra O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi. O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi. Futbolchilik faoliyati davomida Davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Jumladan, «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni, «Shuhrat» medali, «Fidokorona xizmatlari uchun» va «Mehnat shuhrati» ordenlarining sohibi. Hozirda AGMK klubi bosh murabbiyi.