Budapeshtda dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi musobaqa o‘z yakuniga yetib bormoqda. Afsuski, uzoq muddatli karantin davridan keyin o‘tkazilgan mazkur restart turniri biz uchun omadsiz keldi.

Bugun og‘ir vaznli polvonlarimiz kurash olib borishdi. Biroq uzoq muddatli tanaffus vakillarimizning harakatida o‘zining ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Davlat Bobonov (-90 kg) hamda Bekmurod Oltiboyev (+100 kg) yettinchi pog‘onada musobaqani yakunlashgan bo‘lsa, Muhammadkarim Xurramov (-100 kg) ikkinchi davradayoq turnir bilan xayrlashdi.

Shu tariqa musobaqadagi eng yaxshi ko‘rsatkichimiz beshinchi pog‘ona bo‘lib, bu dastlabki kunda -66 kg vazn toifasida kurashgan Sardor Nurillayevning ko‘rsatkichidir. Shunday bo‘lsa ham vakillarimiz Tokio Olimpiadasi reytingi uchun qimmatli ochkolarni o‘z hisoblariga yozib qo‘yishmoqda.