Stadion.uz Turkiyaning «Istanbul Bashekshixir» jamoasi bilan yaqindan tanishtirib o‘tadi.
Tarkibda qariya yulduzlar!
Istanbul klubi kutilmaganda YECHL doirasida «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu klub tarixidagi eng ulkan g‘alaba bo‘lib turibdi. Musobaqa debyutanti sanalsada, klub ilk g‘alabasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Aslida, ushbu jamoa 2014 yildan beri Turkiya super ligasida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Shunga qaramay, klub o‘tgan mavsumda Turkiya chempionligini qo‘lga kiritdi. Turkiyada so‘nggi 10 yil ichida «Galatasaray», «Beshiktash» va «Fenerbahche»dan boshqa klub chempion bo‘lmagan edi. «Istanbul» jamoasining bu qadar qisqa muddatda oldinga qadam tashlashi orqasida siyosiy yetakchilar mavjud ekanligi haqida mish-mishlar tobora Turkiyada ommalashmoqda.
Klub Erdoganga qadar qayerda edi?
Ushbu klub 1990 yilda tashkil topgan bo‘lib, uning birinchi nomi «Istanbul Byuyyukshexir Belediyespor» bo‘lgan. Jamoa 2014 yilga qadar hech kimning e’tibor markaziga tushmadi va pastda yurdi. 2014 yilda esa, Rajab Toyib Erdog‘anning atrofidagi 7 ta biznesmen jamoani moliyalashtirishga qaror qildi va to‘liq yangicha uslubda ish boshlandi. Avvaliga, jamoaning nomidan ortiqcha so‘z olib tashlandi. Keyin, liboslar Turkiya prezidenti yetakchilik qilayotgan adolat va yuksalish partiyasi rangiga o‘zgartirildi. Klub joylashgan Istanbul shahrida 90 yillarda Erdogan shahar meri sifatida faoliyat olib borgan. Uning davrida, Bashekshaher to‘liq yangidan qad rostladi. Bu yerda Rajab Toyib istaganidek, masjidlar ko‘p. Aholi xotirjam istiqomat qilmoqda.
Jamoa ishbilarmonlar qo‘liga o‘tgach, «Istanbul» zamonaviy qarashlar bilan oldinga intilishni boshladi. Avvaliga, klub imidji ko‘tarilishi uchun Martin Shkrtel, Robinyo, Arda Turan, Gael Klishi, Demba Ba singari sobiq yulduzlar xarid qilindi. E’tiborlisi shundaki, klub ushbu futbolchilar bilan cheklanib qolgani yo‘q. Yosh va iqtidorli futbolchilarni izlash va ularni yangi darajaga olib chiqish borasida ham muvaffaqiyatli ish yo‘lga qo‘yildi. Oddiy misol keltirib o‘tamiz. Jengiz Under uchun jamoa 5 million yevro sarf etdi va ko‘p o‘tmay uni «Roma»ga 14 millionga pulladi. Turkiyaning Blizzard Turkiya nashri bosh redaktori klub siyosati haqida quyidagi so‘zlarni keltirib o‘tdi: «Bashekshaher» shunday futbolchilardan jamoa tuzdiki, ularga Istanbulning qolgan 3 ta grand klubining zaxira o‘rindig‘ida ham joy topilmas edi.
Shuningdek, ushbu klub muxlislari ham boshqalardan keskin farq qiladi. Turkiyaning 3 ta grand jamoasi fanatlari o‘zining agressiv qo‘llab-quvvatlashidan voz kechmayotgan bir paytda, «Bashekshaher» o‘z uyida istalgan raqib bilan o‘yinda yuqori madaniyat bilan muxlislar qarshisida to‘p surmoqda. Ushbu klub fanatlar yetakchisi Burak Bigli vaziyatga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi:
« Biz adolatli, mehribon odamlarmiz. Har qanday raqibga hurmat bilan munosabatda bo‘lamiz. Biz stadion atrofida va uning ichida ham kuch ishlatmaganmiz. Shunday bo‘lib qoladi.»
Turkiya chempionlarining muxlislar harakati shiori shundan iborat. Bu Shahar huquqni himoya qilish organlari uchun chinakam sovg‘a desak, adashmagan bo‘lamiz. Shunga qaramay, muxlislar borasida minuslar ham mavjud. «Istanbul» fan klubida 1453 tagina ishqiboz mavjud. Bundan tashqari, jamoaning stadioni ham qolganlarnikidan ko‘ra kamroq muxlislarni qarshi oladi. Chempionat o‘yinlarida esa, ba’zan 3 ming muxlis bilan o‘yin o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Qo‘shni grandlarda esa, bu ko‘rsatgich 28-35 mingdan tushib ketmayapti. E’tiborlisi shundaki, «Istanbul» jamoasi Turkiyada stadionlarga muxlislar kiritilmasada, bir ritmda to‘p surishda davom etdi. Bu omil grand klublarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsada, «Istanbul» hech qanday muammoni his etgani yo‘q.
Jamoa Prezidentga tegishlimi?
Aslida, 2004 yildan beri hech narsa o‘zgargani yo‘q. Klub prezidenti ham o‘sha-o‘sha. Hatto direktorlar kengashi tarkibi ham to‘liq saqlanib qolingan, ammo ularning safi biroz kengaygan. Geksel Gumudush klub boshqaruvidagi eng asosiy figura sanaladi. Erdogan etakchilik qilayotgan partiya a’zosi, jamoaning deyarli barcha ishlarida bosh-qosh. Geksel Turkiyaning birinchi raqamli ayolining jiyaniga uylangan bo‘lib, 2016 yildagi inqilob chog‘ida Erdog‘anning prezidentlik pozisiyasini saqlab qolishida ulkan qahramonlik ko‘rsatganlardan biri sanaladi.
Jamoaning asosiy homiysi - «Medipol» kompaniyasi. Tibbiy yordam sohasida yetakchi bo‘lgan ulkan kompaniya egasi ham Erdoganga yaqin shaxs sanaladi. U Turkiya prezidentining shaxsiy shifokori va Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri. Qolgan homiylar ham o‘z yo‘nalishlarida mamlakatda to‘liq yetakchilik qilayotgan "Turkish Airlines" va "Halk Ekmak" kompaniyalari egalaridir. Shunday bo‘lsada, klub hali-hamon Erdoganga »Istanbul Bashekshaher«ning hech qanday aloqasi yo‘q ekanligi haqida bayonot berib kelishmoqda. Bu ma’lumotga qaramay, Yevropaning eng ko‘zga ko‘ringan nashri »The Athletik" voqeani yoritish maqsadida Turkiyaga yetib keldi va vaziyatga oydinlik kiritdi. Nashr muxbirini kutib olgan jamoaning bosh direktori Mustafa Erogutning intervyusidagi eng muhim so‘zlarni keltirib o‘tamiz.
"Bizning jamoani mamlakat prezidentiga umuman aloqasi yo‘q. To‘g‘ri, klub egalaridan ayrimlari Erdogan bilan tanish, ba’zilari esa yo‘q. Jamoamizga uyg‘ongan nafratning asosiy sababi uning omadli ishtirok etayotganida deb hisoblayman. Aslida, ilk yillarda bizning strukturamiz ko‘p maqtaldi. Hatto, Turkiya futboli kelajagi deb ham atashar edi. Endi, esa chempionlik uchun kurashga qo‘shilganimiz ularga manzur kelmayapti. Bizda ham boshqa turk klublari singari homiylar va ishbilarmonlar yordamida ish olib boramiz. Bizning byujed Turkiyaning 3 ta grandining 25 foizini ham tashkil etmaydi. Bizning klublarimizning 25 tasida biznikidan yaxshiroq stadion mavjud. ( 2014 yildagi ilk uchrashuvida shaxsan Rajab Toyib Erdog‘an ishtirok etgan. Turkiyaning 12-prezidenti maydonda 12 raqamda to‘p suradi va 3 ta gol kiritadi.
To‘g‘ri, milliy birinchilikda muxlislar borasida muammo bor, ammo YECHL doirasidagi uchrashuvlarda muxlislar soni maksimumga ko‘tarilmoqda. Bu holat «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda ham yaqqol ko‘rindi. Biz o‘sishda davom etyapmiz. Sababi, akademiya uchun 9 ta stadion barpo etdik. Endi o‘z futbolchilarimizni eng yuqori darajada shug‘ullanishlari uchun imkon bor. "
Ayni damda, ushbu klub o‘zining rivojlanish borasida rejasini o‘ylab chiqqan va shu yo‘nalishda davom etmoqda. Agar shu temp bilan «Istanbul Bashekshaher» odimlashda davom etsa, tez orada Turkiyadagi grandlar soni 4 ta ortadi!