Isroilning Tel-Aviv shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turnirining ikkinchi kun bellashuvlar o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning ushbu kun dasturi ham jamoamiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.
Bugun kurashgan vakillarimiz orasida Sharofiddin Boltaboyev (-81kg) musobaqaning final bosqichigacha yetib keldi va yakunda g‘alabani o‘z foydasiga hal qildi. Hamyurtimiz oltin medal uchun kurashda mo‘g‘ilistonlik Said Mullaidan ustun keldi. Shu tariqa Boltabev faoliyatida “Katta dubulg‘a” musobaqalaridagi ilk oltin medal qatori Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari reytingi uchun 1000 ochkoni ham yozib qo‘ymoqda.
Afsuski, bugun kurashgan hamyurtlarimiz Jaloliddin Boynazarov (-73 kg) hamda Gulnoza Matniyazova (-70 kg) musobaqani erta tark etishdi. Shu tariqa dzyudochilarimizning mazkur turnirda qo‘lga kiritgan medallari 1 ta oltin va 2 ta bronzani tashkil qilmoqda. Shu o‘rinda, bugun kurash olib boradigan og‘ir vaznli polvonlarimizga ham omad tilab qolamiz.