Belarus Oliy Ligasining 6-turida «Energetik-BGU» 2 may, dushanba kuni «Neman» maydoniga safar qildi.
Uchrashuv Minsk klubining 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. E’tiborlisi, mehmonlarning 4 ta goliga ham o‘zbekistonlik futbolchilar mualliflik qildi. Bobur Abduxoliqov 7, 27 va 87-daqiqalarda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yib, xet-trik muallifiga aylangan bo‘lsa, Abduqodir Husanov 85-daqiqada jarima zarbasidan ajoyib gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Qayd etish kerak, «Energetik-BGU» safida Abduxoliqov va Husanovdan tashqari Shohruxbek Abdurahmonov ham harakat qiladi. Har uchala o‘zbekistonlik futbolchi mazkur uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi.
Ushbu g‘alabadan keyin «Energetik-BGU»ning ochkolari soni 13 taga yetdi, jamoa musobaqa jadvalida 2-o‘rinda bormoqda. Hisobida 8 ta gol va 1 ta golli uzatma bo‘lgan Bobur Abduxoliqov esa chempionatning eng samarali o‘yinchisi bo‘lib turibdi.