Namangandagi o‘yin yana zo‘r o‘tdi. Oldingi o‘yinda sof futbol ko‘rdik, bunda unaqamasu, dersiz? Chempionatda durang ikki tomonni qoniqtirardi, kubokda esa durang yo‘q. Durang yo‘q joyda murosa ko‘chasi bo‘lmaydi. Shuning uchun farqli bahslar.
O‘yin kartinasidan kelib chiqib aytaman, Namangan jamoasi g‘alabaga haqli o‘ynadi. Chunki “Navbahor” oldingi bahsga qaraganda jiddiyroq harakat qildi, o‘z holatidan kelib chiqib o‘ynadi. Babayan o‘tgan o‘yinga to‘g‘ri reaksiya berdi - jamoasini qarshi hujumga chog‘lagani, raqibning nozik jihatini ilg‘agani va “Paxtakor”ning kuchli tomoniga shu uslub bilan bormagani ajoyib munosabat aslida.
Maks o‘tgan o‘yinda kuchli edi, shubhasiz. Shundan kelib chiqib yana shunaqa o‘ynashga qaror qildi, bo‘libam jamoaviy o‘yinda kuchliroq ko‘ringan ba’zi o‘yinchilarini zaxiraga olgan holda. “A-lya Jorjinyo”ni ko‘ramiz-da so‘ng…
Eng yomoni, albatta, shunaqa katta bahsda VAR ishlamagani. Kadrlar vaziyatni to‘liq ifoda eta olmagani. O‘ylashimcha, penaltili vaziyatlarda hakamlarda asos bor edi. O‘tgan yilgi Sardor Rashidovda penalti bo‘lgani kabi Aliboyev vaziyatida ham penalti bor, deb hisoblayman. Lekin gap boshqa tomonda. Odamlarning shubhalanishida. Inson faktorini yotvolib keltirmaysizmi endi, 21-asr odamiga “har qanday sabab bahona” bo‘lib qolaveradi.
Azmiddinov golini “makgregorona” nishonlagani esingizda bordir, a? Azim Ahmedov o‘yin tugagach shu ishni takrorladi. Stadionga eslatib o‘tdi. Shuni ko‘rib bu jamoalar bahsi rosmana klasiko darajasiga chiqdi, deb baralla ayta olamiz.
Muxlislar perfomansi haqida ortiqcha gapim yo‘q, doimgi manzara. Respekt.
Xullas, ertangi kubok o‘yinlaridan ham bugungi haroratni kutib qolaman. Alyo, Andijon:)
Xayrulla Hamidov.