Italiyalik mutaxassis Karlo Anchelotti Braziliya terma jamoasining bosh murabbiyiga aylanishi rasman ma’lum qilindi. Bu haqda Braziliya futbol konfederasiyasi (CBF) e’lon qildi.
«Karlo Anchelottini Braziliya terma jamoasiga taklif etish – bu shunchaki strategik qadam emas. Bu butun dunyoga yuborilayotgan xabar: biz shohsupaning birinchi pog‘onasiga qayta chiqishni maqsad qilganmiz.
U – tarixdagi eng buyuk murabbiy, va endi u dunyodagi eng yirik terma jamoani boshqaradi. Biz birgalikda Braziliya futbolining yangi shonli sahifalarini yozamiz», – dedi CBF prezidenti Ednaldo Rodriges.
Anchelotti terma jamoa bilan ishni iyun oyida Ekvador va Paragvayga qarshi o‘yinlardan boshlaydi. U terma jamoani 2026 yilgi Jahon chempionatigacha boshqaradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 65 yoshli mutaxassis La Liganing so‘nggi turida «Real Sosyedad»ga qarshi o‘yindan keyin «Real Madrid»ni tark etadi va 26 may kuni Braziliya terma jamoasidagi faoliyatini boshlaydi.
Karlo Braziliya erkaklar terma jamoasi tarixidagi birinchi xorijlik bosh murabbiy bo‘ladi.