Og‘ir jarohat ortidan qariyb butun bir mavsumni chetda o‘tkazgan «Real» himoyachisi Dani Karvaxal nihoyat, faol mashg‘ulotlarni boshlab yubordi. Sovrinlari saqlanadigan maxsus xonasi allaqachon turli-tuman kuboklar bilan to‘lgan «Madrid» sardori va yetakchilaridan biri yangi mavsum startiga qadar eng optimal holatini tiklashdan umidvor, albatta. Ha, «qaymoqranglilar» Klublar o‘rtasidagi JCH-2025da ko‘zlangan maqsadga erisholmadilar. Shunga qaramay, Dani Karvaxal FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida hali hammasi oldinda ekanligini ishonch bilan ta’kidladi.

- Oktyabr oyida orttirgan jarohat oqibatida uzoq vaqt maydonga tusholmadingiz. Shu ma’noda klublar mundiali siz uchun mavsumni yuqori notada yakunlash imkoniyati edi... 

- Ha, yoqimsiz jarohat tufayli uzoq vaqt maydon tashqarisida qoldim, lekin hamon g‘alabalarga chanqoqman. Shu ishtiyoq ham meni tezroq oyoqqa turishga undadi. Mavsumning katta qismida davolanish bilan band bo‘lganimga qaramay, Klublar o‘rtasidagi JCHda ishtirok etishga ko‘zim yetib turgandi. Jamoa mashg‘ulotlariga kelib, yigitlar bilan birga bo‘lish meni ta’riflanmas darajadagi turli xayollardan chalg‘itib turdi. Ya’ni mudom imkon qadar tezroq safga qo‘shilish, sport formasiga tushib olishni o‘yladim. Oddiy aytganda, AQSH mundialida jamoam g‘alabasiga munosib hissa qo‘shish ishtiyoqi sira tinchlik bergani yo‘q.

- Demak, Klublar o‘rtasidagi JCH ishtirokchilari qatoriga kirganingizdan xursandsiz... 

- Gap mutlaqo yangi musobaqa haqida ketyapti. Nomidan ham ma’lum - super jahon chempionati. Musobaqada sayyoramizning eng yaxshi va saralangan klublari qatnashganini ko‘rdik. Albatta, faqat va faqat chempionlikni ko‘zlagandik. Shuning uchun butun jamoada hayajon bor edi, bosim ham. Ha, marraga yetolmadik, lekin ishonchim komil, jamoamizning yagona maqsadi hech qachon o‘zgarmaydi - har doim g‘alaba qozonish. «Madrid» uchun bundan boshqa yo‘l yo‘q. Shunday ekan, yangi mavsumda sovrinlarimiz kolleksiyasini boyitish uchun borimizni beramiz. Zero, «Real»ni chempionlikdan boshqasi aslo qoniqtirmaydi. Umid qilamanki, sov­rinlar qo‘lga kiritish asnosida klub tarixini qayta yozishda davom etamiz. 

- Dani, vaqti kelib, salohiyatingizni MLSda sinab ko‘rishingiz mumkinligini aytgan edingiz... 

- Shunday. Intervyularimda bu haqda ko‘p gapirganman. Yana qaytaraman, qachondir «Real»dan ketishimga to‘g‘ri kelsa, faqat Yevropadan tashqaridagi ligalarga yo‘l olishim mumkin. Chunki «Mad­rid»ga qarshi o‘ynashni aslo tasavvur qilolmayman. Xullas, kelajakda MLS kengliklarida paydo bo‘lishim ehtimoli yo‘q emas. Shunday taqdirda «Madrid»ga qarshi o‘ynashim ehtimolini pasaytirishim mumkin.

- Oxirgi savol: qaysi afsonaviy futbolchi bilan bitta jamoada to‘p surishni xohlardingiz va nima uchun? 

- O, juda zo‘r savol! Ochig‘i, bolaligimdan Raul bilan birga o‘ynashni orzu qilganman. Axir u qalbimga eng yaqin klub va terma jamoaning eng muhim futbolchilaridan biri edi. Shubha yo‘q, Raul o‘z nomini futbol tarixiga zarhal harflar bilan yozdirib qo‘ygan kamsonli yulduzlardan biridir. Xullas, qachondir u bilan yelkama-elka to‘p surish imkoniyati tug‘ilsa, bundan boshim osmonga yetardi.

XURSHIDBEK tayyorladi