Yangi mavsumga qaratilgan tadorik ishlarining yakuniy qismini Janubiy Koreyada olib borgan «Barselona» Seulda joylashgan Four Seasons mehmonxonasini vaqtincha klub bazasiga aylantirdi. Futbolchilardan esa bor e’tiborni mashg‘ulotlarga qaratish barobarida vaqtida dam olish so‘raldi, shuningdek, ularga matbuot bilan muloqotni cheklash tavsiya etildi. Shunga qaramay, Sport nashri jurnalistlari «Seul» - «Barselona» nazorat o‘yini (3:7)dan so‘ng braziliyalik vinger Rafinya bilan 15 daqiqacha gaplashish yo‘lini topishdi.
- Bundan 3 yilcha oldin Dallas shahrida Sport nash-ri uchun ilk marta intervyu bergan edingiz. Mana, endi Seulda yana ko‘rishib turibmiz. Aytingchi, o‘sha uchrashuvimizdan buyon qaysi orzularingiz ushaldiyu, nimalar o‘xshamadi?
- Umuman olganda, orzularim behisob. Ulardan biri «Barselona» libosini ki-yish va loaqal shartnomam muddati tugaguncha klubda qolish edi. O‘tgan mavsum oxirida esa o‘rtadagi kelishuv vaqtini uzaytirdik. Demak, barchasini to‘g‘ri bajaryapman. Xulosa shuki, orzularim asta-sekin amalga oshmoqda.
- Xo‘sh, Rafinya shu 3 yil ichida nechog‘li o‘zgardi?
- Professional faoliyatim boshlangan paytdayoq oldimga yuqori marralarga chiqish maqsadini qo‘yganman - yetuk futbolchi bo‘lish, chiroyli o‘yin namoyish etish. Shu intilish va ishtiyoq haligacha o‘zgarmadi. Oddiy aytganda, hamon o‘sha Rafinyaman.
- Endi «Barselona» sardorisiz...
- Ochig‘ini aytaman, bunisi orzu emasdi. Umuman, shu paytga qadar jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushish haqida o‘ylamagan ekanman. Hammasi kutilmaganda ro‘y berdi: yigitlar kiyinish xonasida meni yetakchi sifatida tanlashdi. Tabiiyki, buni ko‘rish juda yoqimli hissiyotlar bag‘ishladi.
- Sizningcha, darvozabon ter Shtegen ham sardorlar qatorida qolishi kerakmi?
- Menga qolsa, ha. Lekin «Barselona»da bu masalani futbolchilar emas, murabbiylar shtabi va rahbariyat hal qiladi. Boshqa tomondan qarasak, futbolda yozilmagan qonuniyatlar ko‘p va oxir-oqibat, ularga bo‘ysinishga majburmiz. Bordiyu, ter Shtegen sardorlar qatoridan chiqarilgan taqdirda ham, u men uchun chin yetakchilardan biri bo‘lib qolaveradi.
- «Barselona» futbolchilari maydonga shunday ishtiyoq bilan tushib kelishadiki, Xans-Diter Flik sizlarni qanday ruhlantirayotganini bilish g‘oyat qiziq...
- Bosh murabbiy bizga «Barsa» libosida o‘zimizni ko‘rsatish imkoniyatini berayotganining o‘zi - katta motivasiya. Qolgani futbolchilarning o‘zlariga bog‘liq. Fikrimcha, kimdir jamoada o‘ynash uchun yetarli ishtiyoqi yo‘qligini sezsa, unda omadini boshqa joydan qidirgani ma’qul.
- Markus Reshfordning kelishi ortidan pozisiya uchun raqobatchilaringiz ko‘payishdi...
- Bilasizmi, «Barselona»da o‘ynash har qanday raqobat va bosimga tayyor turish kerakligini anglatadi. Shuningdek, raqobatchilar qanchalik ko‘p va kuchli bo‘lishsa, shuncha yaxshi. Chunki sog‘lom muhitda har bir futbolchi boshqalarning o‘sishlariga yordam beradi. Agar g‘alaba qozonish va sovrinlarni qo‘lga kiritishni istasak, mavjud holatga xuddi shunday yondashishimiz shart.
- Hozirgi tarkib siz kelgan paytdan buyon yig‘ilgan eng kuchlisimi?
- Menimcha, «Barselona» hamisha sifatli tarkibga ega bo‘lgan - buni hech kim inkor etolmaydi. To‘g‘ri, klubga kelgach, birinchi mavsumda bor-yo‘g‘i 2ta sovrin yutgandik, vaqt o‘tishi bilan ularning soni ko‘paydi. Ha, orada muvaffaqiyatsizliklar ham kuzatildi, ammo buni tarkibda to‘plangan futbolchilar salohiyati bilan bog‘lamasdim. E’tibor bersak, bu davrda murabbiylar almashishdi, yoshlar ulg‘ayishdi va barchasi o‘z o‘rniga tushdi.
- O‘tgan mavsum faoliyatingizdagi eng yaxshisimi?
- Shubhasiz. Lekin shu bilan to‘xtab qolish yo‘q. Yangi mavsumda avvalgisiga nisbatan yaxshiroq natija qayd etishni ko‘zlayapman.
- Chempionlar Ligasini ham sog‘ingandirsiz...
- Bu turnirda g‘alaba qozonish eng katta orzularimdan biri va asosiy maqsadimiz ham shu. Ishonchim komil, jamoadagi barcha yigitlar klub tarixida 6-mart «shalpangquloq»ni qo‘lga kiritish ishtiyoqida yonishmoqda. Nasib etsa, yangi mavsumda hammamiz bir yoqadan bosh chiqargan holda, CHL taxtiga chiqish uchun bor salohiyatimizni ishga solamiz.
- O‘tgan mavsum kelishuv muddatini uzaytirdingiz va unga ko‘ra, endi klubda yana 3 yil o‘ynaysiz. Qiziq, kelajak rejalaringiz qanday?
- Agar klub o‘yinlarimdan qoniqsa va hamkorlikni davom ettirishni istasa, ko‘proq muddat qolishga tayyorman. Bordiyu, shu vaqt ichida bor salohiyatimni ishga sololmasam, jamoaga talab darajasida naf keltirolmayotganimni sezsam, unda ketish haqida o‘ylashim mumkin. Ayni payt o‘zimni jismoniy va taktik tomonlama yaxshi his qilyapman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
- Avvalgi mavsum manzarasi: 4ta «klasiko»da 4ta g‘alaba. «Barselona» nihoyat, «Real»ni dog‘da qoldirish yo‘lini topgandek, go‘yo...
- To‘xtang, o‘tgan mavsum ortda qoldi, undagi g‘alabalar tarixga aylandi. «Klasiko»lar esa butunlay boshqa hikoya. Qolaversa, har bir o‘yinning o‘ziga xos murakkabliklari bor va «Real»ga qarshi «duel»lar bundan mustasno emas. Ehtimol, kimgadir oxirgi «klasiko»lardagi g‘alabalar osongina qo‘lga kiritilgandek tuyular, lekin aslida unday emas. Zero, har bir qarama-qarshilik o‘z hayoti va hikoyasiga ega.
- Sizni doping qabul qilganlikda ayblashayotganidan xabaringiz bormi?
- Kechirasiz, nima?
- Doping... Bilaklaringizdagi bandajlar tufayli.
- Nahotki... (kuladi). Ba’zida odamlar ijtimoiy tarmoqlarda e’tibor tortish uchun xayollariga nima kelsa, shuni qilishadi. Afsuski, hozirgi zamonda bema’ni gaplarni tarqatish yoki kimnidir turli vaj-karsonlar bilan ayblash orqali shuhrat qozonish odat tusiga kirmoqda. Lekin sog‘lom fikrlaydigan kishi kimnidir muayyan masalada ayblashdan oldin loaqal voqelik mohiyatini surishtirib ko‘rishi lozim. Afsus, ko‘pchilik bu haqda o‘ylamaydi ham.
- Muvaffaqiyatli mavsumdan so‘ng «Oltin to‘p» «Barselona» vakiliga berilishi kerakmi, sizningcha?
— Asosiysi, mukofot o‘zining munosib egasiga topshirilsa, hech kimda e’tiroz tug‘ilmaydi. Ochig‘ini aytsam, men uchun «Oltin to‘p» chindan ham, jahonning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan mukofot emas. Nomzodlar qatorida borligimni bilaman, lekin maqsadim boshqa - avvalo, oilam, yaqinlarim va farzandlarim uchun dunyoda eng zo‘ri bo‘lish! Zero, ularning fikrlari men uchun hamisha alohida ahamiyat kasb etadi.
- Da’vogarlar qatorida Lamin Yamal ham bor...
- Lamin o‘tgan mavsum bu mukofotga har tomonlama munosib o‘yin ko‘rsatdi, katta g‘alabalarga erishdi. Agar sovrin unga topshirilsa, bu kelajakda o‘z ustida yanada yaxshiroq ishlashi uchun motivasiya o‘laroq xizmat qiladi.
- Tushunarli. Boshingizdagi bog‘ich buyuk Ronaldinyoga taqlid nishonasimi?
- Yo‘q, aslo, shunchaki, sochlarim uzun va ularni tartibga keltirish uchun bog‘ichdan foydalanaman.
Manba: barcamania.com, X.YUSUPOV tayyorladi