Yozgi transfer darchasi yopilishi arafasida bo‘lsada, «Nyukasl» hujumchi topishga erishdi - endi Nik Voltemade Aleksander Isak o‘rniga «qarg‘alar»ga yetakchi bo‘ladi. Klub germaniyalik futbolchi uchun rekord mablag‘ - 85}5 mln. yevrodan voz kechdi, Nikning o‘zi esa shu yozning o‘zida boshqa transfer dostonining bosh qahramoni bo‘lgandi.
Voltemadening Germaniyadagi sarguzashti
Voltemade - so‘nggi yillarda o‘z o‘yinini topa olmayotgan «Verder»ning tarbiyalanuvchisi. Bremenliklar jamoasida o‘zini ko‘rsata olmadi: 17 yoshda debyutini nishonlagan hujumchini murabbiylar bir necha yil ichida asosiy jamoaga olib chiqa olmadilar. Nik «Verder» libosida 51 marta maydonga tushdi, lekin atigi 1481 daqiqa to‘p surdi. Ya’ni, barcha o‘yinlarning so‘nggi daqiqalarini maydonda o‘tkazdi va atigi 2ta gol urdi.
Shiddatli parvozni esa, hujumchi «Elversberg»dagi bir yillik ijara davrida o‘tkazib, 35ta o‘yinda 17ta gol va 10ta assistni rasmiylashtirdi. Keyin yana Bremenga qaytib, avvalgidek omadsiz to‘p surdi.
O‘tgan yil oxirida Nikning shartnomasi nihoyasiga yetgach, Voltemade klubning yangi taklifini rad etib, «Shtutgart»ga yo‘l oldi. Tez orada raddiyaning bejiz emasligi ayon bo‘ldi. Nik Ugo Ekitike bilan birgalikda o‘tgan mavsumni Bundesliganing asosiy kashfiyotlari safida yakunladi. Hujumchi 33ta uchrashuvda 17ta gol va 3ta assistga erishib, jamoaning Germaniya Kubogi sohibiga aylanishiga munosib hissa qo‘shdi. E’tiborli jihati - Voltemade turnirning chorak finalidan tashqari barcha o‘yinlarida bittadan gol urgandi.
Lekin Nikni YECHL musobaqalariga jalb etishmadi: tarkibda yana 3 nafar hujumchi bo‘lgani sababli, Voltemade zayavkadan chetda qoldi. «Yuventus», «Real», «PSJ» va boshqa grandlar darvozasini zabt etish imkoniyatini Nikka ravo ko‘rishmadi. Faqat 2024 yilning kuzida «Ayntraxt» darvozasiga urgan golidan keyin 10-15 daqiqalik o‘yin amaliyoti 45 daqiqaga aylandi. Tez orada Voltemadega boshlang‘ich tarkibda maydonga tushadigan safidan joy beradigan bo‘lishdi. Nikning futbol yilini Germaniya yoshlar terma jamoasi safidagi Yevro turniri yanada shirin qilib yubordi. Voltemade nemislarning yetakchi o‘yinchisiga aylanib, o‘z guruhida Sloveniyaga xet-trik sovg‘a qildi, Italiyaga qarshi chorak finalda gol va assistni rasmiylashtirdi, yarim finalda Fransiya darvozasini ishg‘ol etdi. Faqat finalda Nik negadir susayib qoldi, sovrin esa Angliya terma jamoasiga nasib etdi. Lekin boshqa tomondan, Voltemade turnirning eng yaxshi to‘purari va yozgi transfer darchasidagi eng yoqimtoy o‘yinchi unvonlariga sazovor bo‘ldi.
Hujumchi xaridini «Bavariya» boshqa jamoalardan ko‘proq istagandi. Myunxenliklarga Garri Keyn o‘rnini do‘ldira oladigan hujumchi juda zarur edi: Matis Tel «Tottenxem»ga o‘tib ketgan, doimiy ikkinchi Erik Shupo-Moting allaqachon AQSHda to‘p surishni boshlagandi. Nikning o‘zi «Bavariya» bilan kelishuvga erishib, «Shtutgart»ning munosabatini kuta boshladi. U yerdagilar bahoni arzonlatishni istamay, 80 mln. yevro talab qilishdi. Gegemon bahoni pasaytirishga uringan bo‘lsada, «Shtutgart» yon bermadi. Parallel ravishda Lotar Matteusdek ekspertlar olovga moy quya boshladilar. U Voltemade kamida 80-100 millionga sotilishini ta’kidlagandi. Hanuzgacha klubga transfer jarayonlarida ko‘mak berayotgan «Bavariya» faxriy prezidenti Uli Xyoness esa shunday dedi: «Lotar Matteus esini yeb qo‘yibdi. Bu ekspertlar anchadan beri jonimga tegib ketishgan».
Myunxen grandining so‘nggi taklifi 50}5 mln. yevro bo‘ldi. «Shtutgart» esa muloyimlik bilan taklifni rad etdi. Shundan keyin «Bavariya» e’tiborini Luis Diasning transferiga qaratdi. Voltemade esa janjal ko‘tarib o‘tirmay, darchaning so‘nggi kunlarida «Nyukasl» kelguniga qadar klubdagi mashg‘ulotini davom ettirdi.
Voltemade qaysi jihatlari bilan shu qadar kuchli?
Birinchi navbatda 2 metrli Nik (mayli, deyarli 2 metrli bo‘la qolsin - uning bo‘yi 198 sm.) «Nyukasl» futboliga juda mos tushadi. Voltemade bosh bilan tez-tez gol uravermaydi (Bundesligada atigi 2ta, u ham 2025 yilning mayida urilgandi), lekin to‘pni juda ajoyib tarzda gavdasi bilan to‘sib, raqiblarini surib yuboradi. Nik bu ishni ikkinchi qavatdagi ustunlikka erishish uchun emas, jamoadoshlari bilan kombinasiyalarni amalga oshirish niyatida bajaradi. Voltemade - tipik «simyog‘och» emas, balki o‘yinning ustasi. Ko‘pincha u chekingan hujumchi rolida pleymeyker malakasini namoyish etadi. O‘tgan mavsumda Nik har bir o‘yinda o‘rtacha 4ta golli vaziyat 2ta samarali uzatmani amalga oshirib, boshqa hujumchilarning 95 foizidan ustun ekanligini isbotlagandi. Uning boshqa fazilatlariga nisbatan ko‘proq hayron qoldiradigan jihati - dribling. Nik o‘zining gabaritidan a’lo darajada foydalanib, ixcham o‘yinchilardek yengil harakatlanadi. Shu sababli Voltemadeni Piter Krauch va Lionel Messining qorishmasi deyishadi.
Nik sermulohaza futbolchi, har qanday vaziyatlarda yordam berishi lozim. Biroq transfer masalasida savollar ham yo‘q emas. Birinchidan, kelishuv qiymati. Bitta muvaffaqiyatli mavsumda 80 mln. yevro to‘lashga tayyor ekanliklariga ishonish qiyin. Ikkinchidan, Bundesliga faktori. U hatto Luka Yovichdek personajlar ham o‘zlarini qiroldek his etadigan o‘ta ochiq chempionat. APLda gol urish ancha qiyin.
Hozircha, Ugo Ekitikening «Liverpul»ga transferi xususida fikr bildirish mumkin. Avvaliga fransuz uchun juda ko‘p sarflab yuborishgandek tuyulgan va u ikkinchi Darvin Nunyesga aylanishi taxmin qilingandi. Biroq Ugo hozircha quvontirmoqda. Istardikki, Voltemade ham shu yo‘ldan boradi va bir mavsum futbolchisi bo‘lib qolmaydi.
«Nyukasl» ochiqchasiga ortiqcha pul sarfladi - talab qilingan mablag‘ «Shtutgart»ning hujumchini sotish niyatida emasligini anglatardi. Biroq «qarg‘alar» avvaldan yutqiziq holatiga tushib qolgan edilar - umuman top-hujumchisiz qolish bundanda yomonroq holatga olib kelardi.
Sodiq SOBIR tayyorladi