FIFA kunlari sabab yuzaga kelgan xalqaro tanaffus vaqtida Fransiya termasi ixtiyorida bo‘lgan «Real» hujumchisi Kilian Mbappe argentinalik sobiq futbolchi Xorxe Valdano asos solgan «Universo Valdano» podkastida qatnashdi. Suhbat davomida uning «Real Madrid»ga o‘tishi, Vinisius va Luis Enrike bilan munosabatlari, «Madrid derbisi»dagi mag‘lubiyat, Messi bilan o‘ynash imkoniyati, Xabi Alonso va Karlo Anchelotti o‘rtasidagi farq kabi mavzular muhokama qilindi.

- Bu yilgi mavsum ancha tig‘iz taqvim ostida boshlandi. Ayniqsa, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan so‘ng mavsumoldi tayyorgarligi bor-yo‘g‘i 15 kun davom etdi. Bunday zich taqvim haqida qanday fikrdasiz?

- Albatta qiyin. Aslida hammasi yangi format asosida tashkil qilingan KO‘JCHdan boshlandi. Negaki biz AQSHdagi turnirda ishtirok etayotgan paytimiz Ispaniyadagi boshqa jamoalar yangi mavsum tadorigini boshlab yuborishgandi. To‘g‘ri, musobaqa «Madrid» uchun biroz achinarli tarzda yakunlandi, ammo bu faoliyatimizdagi yangi tajriba bo‘ldi. Taqvimga keladigan bo‘lsak, albatta o‘yinga bo‘lgan ishtiyoqimiz yuqori, lekin og‘ir o‘tgan mavsumdan keyin yetarli dam olish ham muhim. Nachora, ko‘p narsa futbolchilar xohishiga ters tarzda tuziladi va bunga ko‘nikishga majburmiz.

- Nazarimda biroz ozganday tuyulyapsiz. Bunga nima sabab bo‘ldi?

- Klublar o‘rtasidagi JCH arafasida taomdan zaharlanish natijasida yaxshigina ozib ketdim va 7 kilogramm vazn yo‘qotdim. Lekin, shunga qaramay o‘zimni hozir ancha yaxshi his qilyapman. To‘g‘ri, og‘irligim oldingiga qaraganda biroz kamroq, lekin bunda hech qanday muammo ko‘rmayapman.

- «Metropolitano»da «Atletiko»ga qarshi kechgan o‘yin yaxshigina dars bo‘lgandir?

- Ha, albatta. Nima bo‘lganini o‘zimiz ham tushunmay qoldik. Chunki 2:1 hisobida oldinda borayotgan payt, yana 4ta gol o‘tkazib yuborish hech kimni xayoliga kelmaydi. To‘g‘ri, bu jamoa uchun og‘ir sinov bo‘ldi, lekin xatolardan kerakli xulosa chiqarib, oldinga intilishda davom etishimiz kerak. O‘ylaymanki, kamchiliklar ustida yetarlicha ishlaymiz hamda kelajakda yana shunday achinarli natijani boshdan kechirmaslik uchun kurashamiz.

- Bu o‘yin «Atletiko» uchun final, «Real» uchun esa oddiy uchrashuvdek tuyuldi...

- Ular derbiga xuddi biz kabi g‘alaba qozonish ishtiyoqida kelishdi, har bir muvaffaqiyatga erishishdi. Aksincha, biz shu kuni o‘z o‘yinimizni namoyish eta olmadik. Uchrashuv nazorati qo‘ldan chiqdi va yakunda alamli mag‘lubiyatga uchradik. Bor gap shu.

- Keling endi Fransiya terma jamoasi haqida ham gaplashsak. Siz terma jamoa libosida oldingi mundialda 4ta gol urdingiz va kamida yana 3ta JCHda qatnashish imkoniyatiga egasiz...

- Albatta, men uchun ikkita Jahon kubogi o‘tmishga aylandi. Qolganlarida esa yuqori natijalarga erishni orzu qilaman. Ayniqsa, kelasi yilgi mundialdan umidim katta. Mana, ikki marta ketma-ket finalga chiqish baxtiga muyassar bo‘ldim - bittasida g‘alaba qozondim, ikinchisida esa mag‘lubiyat. Nasib qilsa JCH-2026da uchinchi bor finalga chiqib, yana bir bor bosh sovringa ega chiqmoqchiman. O‘ylaymanki, biz 2022 yilgi finaldan o‘ziga yarasha saboq oldik. Endi oldimizda o‘zimizni ko‘rsatish uchun yana bir imkoniyat paydo bo‘lmoqda. Bundan munosib foydalanishimiz kerak.

- Bizningcha ham Fransiya juda raqobatbardosh terma jamoaday ko‘rinmoqda. Bu jamoa musobaqaning asosiy favoritlardan biri sifatida ko‘rilayotgani ham tabiiy...

- Haqiqatdan bizda juda kuchli tarkib bor va bu bo‘lajak mundialda katta ustunlik berishi kerak. Lekin, masalani boshqa tomonini ham unutmaslik lozim. Aytmoqchimanki, terma jamoada eng yaxshi o‘yinchilar jam bo‘lishi mumkin, ammo sifatli o‘yin ko‘rsatishga imkon beradigan taktik yondashuvga ega kuchli, yaxlit jamoa tuzmas ekanmiz, jahon chempionatida g‘alaba qozona olmaymiz. Biz bo‘lajak musobaqagacha nimalarni hal qilishimiz kerakligini bilamiz va nasib qilsa yana bir bor Fransiya termasi tarixiga kirishga harakat qilamiz.

- Jahon chempionati finalida uchta gol urib, yakunda mag‘lubiyatga uchrash qanday tuyg‘ular keltirib chiqarar ekan?

- To‘g‘ri, biz hujumchimiz va g‘alaba qozonishga qaratilgan maqsad uchun hammadan ko‘ra yaqinroqmiz. Lekin finalda gol urish haqida emas, muvaffaqiyatga erishish haqida o‘ylaymiz. Muhimi bosh sovringa ega chiqish. Bu kim orqali amalga oshiriladi unchalik ahamiyatga ega emas. Ochig‘i, Argentina termasi Qatardagi finalda g‘alaba qozonishga loyiq edi, chunki ular butun o‘yin davomida juda yaxshi harakat qilishdi hamda buni tan olish biroz achinarli. Lekin unutmaslik kerakki, oldinda bizni yana bir mundial kutmoqda va bu safar ham yana shunday vaziyatga tushib qolmaslik uchun musobaqaga munosib tayyorgarlik ko‘rish va turnirda bor salohiyatimizni ishga solishimiz lozim.

- Ispaniya terma jamoasining salohiyati haqida nima deya olasiz?

- Ispaniya o‘yinni nazorat qiladigan va texnik jihatdan juda kuchli jamoa. Ularda istalgan raqibga qarshi bahsda ustunlik qilish imkonini beradigan mukammal tarkib bor. Bu mamlakat yoshlar jamoasidan tortib kattalar jamoasigacha bir xil o‘yin ko‘rsatadigan kam sonli termalardan biridir. «Qizil furiya»ning o‘ziga hos jihati shundaki, tarkibda juda yosh, g‘alabalarga chanqoq ijrochilar jamlangan. Menimcha, ular hozir Yevropaning eng yaxshi jamoasi. Ammo jahon chempionati boshqa daraja. Umid qilamanki, ispanlar kelasi yilgi turnirda yomon ishtirok etishadi va biz g‘alaba qozonamiz (kuladi).

- Bilamizki, 13 yoshingizda «Real Madrid»da ko‘rikdan o‘tgansiz va sizga klubda qolishni taklif qilishgan. Lekin kutilmaganda Fransiyaga qaytishni ma’qul ko‘rdingiz. Aytingchi, o‘sha vaziyatda bunday qarorga kelishingizda kim yoki nima sabab bo‘lgandi?

- Karyera shaxsiy masala ekanini biladigan sportchilar oilasiga ega bo‘lishning afzalliklaridan biri shuki, u yerda mustaqil qaror chiqara olasiz. Demoqchimanki, Fransiyaga qaytishi qarori shaxsiy qarashlarim orqali qabul qilingandi. Bunga na oilam va boshqa kimnidir aralashtirmaganman. Albatta o‘sha paytda ham «Real»da o‘ynashni orzu qilardim, lekin jamoada Benzema, Krishtianu va Beyl singari o‘yinchilar borligi meni zaxira o‘yinchisiga aylantirib qo‘yardi. Buni esa xohlamadim. Shu bois vaqti kelgunicha uyda - Parijda o‘ynash imkoniyatini tanladim. Mana, Fransiyadagi 7 yillik aqlbovar qilmas faoliyatimdan so‘ng baribir «Real» libosini kiydim hamda bundan nihoyatda xursandman.

- Shu tariqa Liga 1da debyutingizni nishonladingiz va odamlar sizni Anri hamda Pele bilan solishtirishni boshlashdi... Bu holat qandaydir bosim ostida qoldirmadimi?

- Yo‘q nega endi? To‘g‘risi, bu kabi gap so‘zlar tanilish va e’tiborga tushish uchun qo‘l keldi. Lekin har gal oynaga qaraganimda o‘zimga bor haqiqatni aytishdan charchamasdim: endigina 16 yoshdasan va hali hech narsaga erishmading, ularning darajasiga yetishish uchun ancha vaqt bor. Qilishing kerak bo‘lgan ish va sayohat aniq. Demak, shunga qarab intil. Shunday qilib, faqat bir narsa - o‘z o‘yinimni rivojlantirish haqida qayg‘urdim hamda salohiyatimni boshqalar bilan solishtirmaslikka urindim. To‘g‘ri, o‘sha paytdayoq ancha mashhur va ko‘pchilikning e’tiborini tortadigan yosh yigitcha edim. Ammo «Monako»da imkon qadar oddiy hayot kechirishim uchun matbuotdan munosib himoya qila olishdi.

- Lamin Yamal haqida qanday fikrdasiz? Zero u 16 yoshidayoq butun dunyoga tanilib ulgurgandi...

- «Monako»ga hurmat saqlagan holda aytamanki, Lamin OAVda yoritilishi bo‘yicha Fransiya klubidan ancha kattaroq jamoada o‘ynaydi. Mashhurlikning esa muayyan resepti yo‘q va bu bosqichda har kim o‘zini har xil tutadi. Masalan men 16 yoshda o‘z tajribamni boshdan kechirdim, o‘ylaymanki, u ham ma’lum sarguzashtlarga ega bo‘ladi. Asosiysi Yamalning futbolga nisbatan ishtiyoqini qadrlashimiz kerak. Qolganlari... bu uning hayoti. Ba’zida odamlar Laminning shaxsiy hayoti haqida juda ko‘p gapirishadi, lekin menimcha, uni tinch qo‘yish lozim. Tan olishimiz kerak, u futbolda ajoyib iqtidor egasi, ammo real hayotda endigina 18 yoshda. Bu yoshda esa hammamiz xato qilamiz. U o‘zining hayotiy tajribasiga ega bo‘lishi, o‘zi uchun nima yaxshi, nima yomonligini ajrata bilishi kerak. Biz faqat maydonda qilayotgan ishlariga baho berishimiz lozim. Qolganlari unchalik muhim emas, agar jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ladigan ish qilmasa albatta.

- Ijtimoiy tarmoqlarga bo‘lgan munosabatingiz qanday?

- Juda normal. Internetga kirishdan oldin, futbolchi bir nechta narsalar bilan kelishishi kerak. Odamlar unga, oilasiga, jamoasiga va klubiga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishlarini qabul qilishi lozim. Agar bularning barchasini qabul qila olmasa yaxshisi bu kabi platformalardan voz kechish kerak.

- Futbol darg‘alari haqida gap ketganda Messini eslamaslikning iloji yo‘q...

- Ha albatta. Maydonda yetuk, mukammal hayotda esa kamtarin, sokin futbolchi bilan bir jamoada o‘ynaganimda hamisha faxrlanaman. Messi «PSJ»ga kelganida hammani hurmat qiladigan oddiy odam edi. O‘yinchi sifatida esa u juda betakror. Agar sizning jamoangizda shunday ijrochi bo‘lsa va siz hujumchi bo‘lsangiz, shunchaki uning yonida bo‘lishingiz, nima qilayotganini kuzatishingiz kerak. Imkoniyatlardan qanday foydalanadi, qayerda to‘xtaydi, qayerda yuguradi, to‘pga qanday teginadi barchasini o‘rganish lozim. O‘ylaymanki, Leo bilan bir jamoada to‘p surish menga futbolni yaxshiroq tushunishga yordam berdi. Qisqa qilib aytganda bunday noyob o‘yinchi atrofida bo‘lish oltin imkoniyatdir.

- Luis Enrike bilan munosabatlaringiz qanday yakunlandi?

- Hammasi do‘stona shaklda yakun topdi. U juda yaxshi inson va ajoyib murabbiy. Men bu mutaxassis bilan hamisha juda yaxshi munosabatda bo‘ldim va unga hayotdagi eng yaxshi narsalarni tilayman. Shuni ishonch bilan aytamanki, «PSJ»da Enrike qo‘l ostida ajoyib vaqt o‘tkazdim.

- Va nihoyat, «Real Madrid». Xo‘sh aytingchi, Ispaniyada sizga ko‘proq nimalar yoqadi?

- Ehhe, juda ko‘p narsalar. Aytaylik, odamlari samimiy va mehmondo‘st. Ular menga Madriddagi birinchi kundanoq juda yaxshi munosabatda bo‘lishdi va g‘amxo‘rlik qilishdi. Ochig‘i o‘zimni bu yerda ispaniyalik futbolchidek his qilaman, chunki uyimdan tashqaridagilarning menga nisbatan mana shunday iliq munosabatda bo‘lishlari musofir ekanligimni ham esdan chiqarib yuboradi.

- Hamisha mojaroga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan «Real Madrid» atrofidagi bahs-munozaralar bo‘yicha qanday fikrdasiz?

- Hakamlar bilanmi (kuladi)?

- Yo‘q! Men hakamlarni nazarda tutmadim. Masalan, Vinisius bilan munosabatingiz...

- Menimcha, bu shunchaki Ispaniyadagi muammo emas, odamlar hamma joyda bir xil. Aytaylik, Fransiyada ham bitta jamoada ikkita mashhur o‘yinchining to‘p surishi keng muhokamalarga sabab bo‘ladi. Turli nashrlar ular haqidagi yangiliklar bilan keng auditoriyani o‘zlariga qaratishga urinishadi. Rostini aytsam, Vinisius bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. U ajoyib futbolchi va samimiy inson. Bizning maqsadimiz bitta: «Real»ga yordam berish va chempionlikni qo‘lga kiritish. Buning uchun ikkalamiz ham qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak.

- Sizningcha, Xabi Alonso Karlo Anchelottidan nimasi bilan farq qiladi?

- Ular ikki xil odam va ikki turli tajribaga ega mutaxassislardir. Aytish shart emas Anchelotti tarixdagi eng yaxshi murabbiylardan biri va uning qo‘l ostida faqatgina omadli futbolchilar to‘p surgan. Alonso esa endi ko‘zga tashlanayotgan va nimalarga qodirligini isbotlashga urinayotgan mutaxassis. «Real»dek jahonning eng zo‘r jamoasida ishlash uning uchun birinchi katta imkoniyat. Umid qilamanki, barchamiz bu mutaxassisga o‘zini ko‘rsatishga yordam berish asnosida o‘zimiz ishtirok etayotgan musobaqalarda bosh sovrinlarni qo‘lga kiritamiz.

Manba: fondoruso.ru, Xurshid YUSUPOV tayyorladi