«Yuventus» vingeri Fransishku Konseysau A Seriyaning «Roma»ga qarshi kechgan va jangovar durang (3:3) bilan yakunlangan o‘yinidan so‘ng intervyu berdi.
Turinliklar 1:3 hisobida mag‘lub bo‘layotib, bahs yakunida Jeremi Boga va Federiko Gattining mos ravishda 78 va 93-daqiqalardagi aniq zarbalari evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Konseysau esa 47-daqiqada mehmonlarning ilk goliga mualliflik qilgan edi.
«Agar bu oqshom g‘alabaga loyiq jamoa bo‘lgan bo‘lsa, bu biz edik. Men chiroyli gol urishga muvaffaq bo‘ldim, lekin meni golimdan ko‘ra ko‘proq 1:3 hisobida mag‘lub bo‘la turib, shunday qiyin vaziyatdan chiqib ketganimiz quvontiradi. Biz ajoyib ishni amalga oshirdik va haqqoniy ravishda mag‘lubiyatdan qocha oldik», — deya jurnalist Nikolo Skira Konseysauning so‘zlarini keltirmoqda.
Hozirda «Yuventus» 47 ochko bilan turnir jadvalida oltinchi o‘rinni egallab turibdi, «Roma» esa 51 ochko bilan to‘rtinchi pog‘onada bormoqda.