AQSH terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichining 1-tur uchrashuvida Paragvay ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yin Los-Anjelesdagi «SoFi Stedium» arenasida bo‘lib o‘tdi.

7-daqiqada Damian Bobadilyaning avtogoli evaziga amerikaliklar oldinga chiqib olishdi. Uchrashuvning 31-daqiqasida «Monako»ning amerikalik hujumchisi Folarin Balogun jamoasining ustunligini ikki barobarga oshirdi, 45+5 daqiqada esa dubl qayd etib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
Paragvayliklar ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida bitta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lishdi — zaxiradan maydonga tushgan yarim himoyachi Maurisiu o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi. Final hushtagi chalinishidan oldin AQSH yarim himoyachisi Jovanni Reyna oyog‘ining tashqi tomoni bilan zarba berib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.

AQSH 3 ochko to‘plab, D guruhida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Paragvayliklar esa oxirgi o‘rinda. Ushbu guruhning Avstraliya va Turkiya o‘rtasidagi ikkinchi o‘yini yakshanba, 14 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar Kanada, AQSH va Meksikada bo‘lib o‘tmoqda. Turnirda 48 ta jamoa ishtirok etyapti. Pley-off bosqichiga guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan terma jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rinni band etgan eng yaxshi sakkizta terma jamoa yo‘l oladi.