Londonning “Arsenal” klubi Madridning “Real” klubiga tegishli bo‘lgan, ayni damda ijara asosida Fransiyaning “Lion” jamoasida to‘p surayotgan hujumchi Endrikni o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin. Bu haqda Caught Offside nashri xabar bermoqda.
London klubi yangi mavsum oldidan hujum chizig‘ini kuchaytirishni maqsad qilgan. Shu bois ularning skautlari transfer bozorini faol tarzda kuzatib bormoqda. Hozircha “to‘pchilar” 19 yoshli braziliyalik forvard borasida rasmiy taklif bilan chiqishgani yo‘q va Madrid klubi bilan muzokaralarga kirishishmadi. Biroq Endrik londonliklarning yozgi transferlar uchun tuzilgan kengaytirilgan ro‘yxatidan o‘rin olgan.
Shunisi e’tiborliki, futbolchining o‘zi boshqa jamoaga o‘tishni istamayapti. Hujumchi “Lion”dagi ijara muddati yakunlangach, yana Madridga qaytishni va “qirollik klubi”ning asosiy tarkibidan joy olishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Endrik joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida jami 20 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 7 ta gol urdi va yana shuncha (7 ta) golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining “Real Madrid” bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilning yoziga qadar imzolangan. Transfermarkt portalining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchining bozor qiymati 35 million yevroni tashkil etmoqda.