O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya kubogi finali doirasida “Chelsi” — “Manchester Siti” uchrashuvida (0:1) asosiy tarkibda maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi.
Uchrashuv davomida Husanov 74 marta to‘p bilan muomala qildi. Himoyachi jami 63 ta uzatma amalga oshirgan bo‘lib, ularning 58 tasi aniq manzilga yetib bordi — 92 foiz aniqlik. Sofascore portali o‘zbekistonlik futbolchining harakatlarini 6,8 ball bilan baholadi.
Abduqodir Husanovning himoyadagi harakatlari:
Himoyaviy harakatlar: 9 marta
Tashlanib to‘pni olib qo‘yish: 1 marta (muvaffaqiyatli)
Tozalashlar: 7 marta
Faol kurash orqali to‘pni qaytarib olish: 1 marta
Yerda kurashlar: 2 marta (bittasi muvaffaqiyatli)
Shuningdek, Abduqodir Husanov 56-daqiqada qo‘pollik uchun sariq kartochka bilan jazolandi.
Sofascore talqiniga ko‘ra, “Manchester Siti” safida himoya va hujumda faollik ko‘rsatgan Mark Gexi o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi — 7,6 ball. Shuningdek, g‘alaba goli muallifi Antuan Semenyoning harakatlari 7,5 ballga loyiq ko‘rildi.

Ma’lumot uchun, Londondagi “Uembli” stadionida o‘tkazilgan Angliya Kubogi final uchrashuvida “Manchester Siti” va Londonning “Chelsi” jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Ushbu bahsda “shaharliklar” 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, mavsumdagi ikkinchi sovrinni qo‘lga kiritdi.
Bu g‘alaba bilan “Manchester Siti” o‘z tarixida 8-marta Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi. Endi Pep Gvardiola jamoasi rekordchi — “Arsenal” (14 ta sovrin) va “Manchester Yunayted”dan (13 ta sovrin) ortda qolmoqda. Shuningdek, “Chelsi”, “Liverpul” va “Tottenhem” hsiobida ham 8 ta sovrin mavjud.