Muhammad Saloh ushbu mavsumdan so‘ng «Liverpul»ni tark etishi haqida fikr bildirdi.
«Men ikki yillik shartnoma imzolagan edim, lekin bir yildan so‘ng ketyapman. Hech narsadan afsusda emasman. Bu qaror ustida uzoq o‘yladim, uni o‘zgartirishga ko‘p harakat qildim, lekin hammasi men istamagan tomonga qarab ketdi. Nihoyat o‘zimga dedim: bilasanmi, bu to‘g‘ri qadam va muxlislar men borimni berganimni bilishadi. Ular qilgan ishlarimni qadrlashadi. Men doim bor kuchim bilan o‘ynaganman, ular meni kuchimni tejamaganimni bilishadi. Menimcha, haqiqiy bog‘liqlik aynan shundan boshlanadi. Qalban bu qaror bilan kelishdim, shuning uchun baxtliman.
«Liverpul» libosidagi eng yaxshi kunim — bu Premyer-ligada 2024/25 yilgi mavsumda g‘olib chiqqan kunimiz bo‘ldi. O‘sha mavsumda ko‘rsatgan ta’sirimni hisobga olsak, bu aql bovar qilmaydigan holat. Bu ham dofamin, ham miyadagi bir olam tuyg‘ular. O‘sha suratlarga qaraganimda, haligacha kuchli hayajon tuyaman, o‘sha hissiyotlarni eslayman. To‘lib-toshgan «Enfild»da kubokni ko‘tarish — bu 2020 yildagidek bo‘sh tribunalar oldida kubok ko‘tarish bilan bir xil emas.
Futbolchi uchun mavsumni Premyer-liga g‘olibi, eng yaxshi to‘purar, eng yaxshi assistent, liganing eng yaxshi o‘yinchisi va PFA talqini bo‘yicha yil o‘yinchisi sifatida yakunlashdan ko‘ra yoqimliroq narsa yo‘q. Bu sening jamoa uchun naqadar muhim bo‘lganingni ko‘rsatadi. Eng yaxshi to‘purar va assistent bo‘lganim hissiyotlarimni yanada kuchaytirdi. Ehtimol, boshqalarda boshqachadir, lekin menda shunday. Bundan qoniqish hissini tuydim. Buni tasvirlab bera olmayman.
Boshqalarning xizmatini kamsitmoqchi emasman, bu mavsumda hamma ajoyib edi. Agar yil jamoasini tuzadigan bo‘lsak, u yerga bizning doimiy o‘ynagan 11-12 nafar futbolchimiz kirgan bo‘lardi. Bu qanday yangramasin, mening tuyg‘um shunday: qachonki senda shunday statistika va shuncha assist bo‘lsa — odamlar juda o‘ziga xos narsani ko‘rishdi. Men bundan juda faxrlanaman», — dedi vinger klub kanaliga bergan intervyusida.