«Liverpul» sobiq yarim himoyachisi Jeymi Rednapp ikki yillik faoliyatdan so‘ng iste’foga chiqarilgan bosh murabbiy Arne Slot borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Eslatib o‘tamiz, niderlandiyalik mutaxassis o‘tgan mavsumda «qizillar»ni Premyer-liga chempionligiga olib kelgandi.
Rednapp Slotning ishini yuqori baholab, uning iste’fosini adolatsizlik deb bilishini yashirmadi.
«Arne Slotga achinaman, u ajoyib ish olib bordi. Premyer-ligada zafar quchish — bu ulkan yutuq. Biroq joriy mavsumda jamoani qiyin ahvolga solgan ko‘plab omillar bo‘ldi. Slot o‘ziga nisbatan adolatsizlik qilindi deb hisoblayotgan bo‘lsa, bu tabiiy hol, ammo futbolda bunday holatlar tez-tez uchrab turadi», — deydi Rednapp.
«Futbolchilar klub boshqaruvida ishtirok etmasligi kerak»
Sobiq futbolchi Slotning iste’fosida jamoa yetakchilarining roli katta bo‘lganiga ishora qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tajribali o‘yinchilar rahbariyatga ta’sir o‘tkazib, murabbiyga bo‘lgan ishonchsizlikni bildirgan bo‘lishi mumkin.
«Futbolchilarning bu yerdagi rolini inkor etib bo‘lmaydi. Katta o‘yinchilar rahbariyat bilan gaplashib, o‘z noroziligini ifodalagan bo‘lishi mumkin. Balki ularga murabbiy taklif qilgan o‘yin uslubi yoqmagandir yoki uni klubni yangi cho‘qqilarga olib chiqa oladigan mutaxassis deb hisoblamagandir. Biroq rahbariyat o‘yinchilarning fikrini tinglashda ehtiyot bo‘lishi kerak. Ko‘pincha ularning o‘z shaxsiy maqsadlari bo‘ladi va bu jamoa manfaatiga mos kelmasligi mumkin», — deya ta’kidladi Jeymi.
Rednapp «Liverpul» rahbariyatini tez-tez murabbiy almashtiradigan klublar taqdirini takrorlamaslikka chaqirdi. U bu borada «Manchester Yunayted»ni salbiy namuna sifatida keltirib o‘tdi.