O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jamoa tarkibini shakllantirish tamoyillari, yosh va tajribali futbolchilar o‘rtasidagi muvozanat hamda kelgusi yirik turnirlardagi maqsadlar haqida fikr bildirdi.
"Albatta, tarkibni shakllantirayotganimda o‘tmishga ham e’tibor qaratdim. Jamoada o‘n yilga yaqin vaqt davomida o‘ynab kelayotgan futbolchilarni ham inobatga oldim. Chunki jahon chempionatiga chiqish yo‘lida xizmat qilgan futbolchilar bu yerda bo‘lishga loyiq deb hisoblayman. Lekin mening pozisiyam juda aniq. Men uchun futbolchining ismi yoki o‘tmishda nimalarga erishgani hal qiluvchi omil emas. Agar siz o‘zingizni ko‘rsata olsangiz, uchrashuvlarda yaxshi o‘ynasangiz, hatto o‘n olti yoshda bo‘lsangiz ham sizni terma jamoaga chaqiraman.
Bunga yaqin ham kelgandim, chunki U-17 va U-19 jamoalarida e’tiborimni tortgan bir nechta futbolchilarni ko‘rdim. Shu bilan birga, biz milliy terma jamoa poydevorini ham tayyorlayapmiz. Shuning uchun tarkibda yosh va tajribali futbolchilar o‘rtasida to‘g‘ri muvozanat bo‘lishi kerak. Boisi, tajribali futbolchilar o‘z tajribasini yoshlar bilan bo‘lishishi lozim. Yosh futbolchilar uchun ham tajribali o‘yinchilar bor jamoaga kelish juda muhim, sababi ular yoshlarning o‘sishiga va moslashishiga yordam beradi. Albatta, sentyabr oyidan boshlab Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida tarkibga yangi kuchlar, yangi futbolchilarni ham jalb qilishimiz kerak bo‘ladi.
Men bu yerga kelganimdan beri bir fikrni takrorlab kelaman: jahon chempionati biz uchun o‘rganish va rivojlanish imkonini beradi. Bu turnir bizga o‘sish uchun xizmat qilishi kerak. Agar yaxshi natijalarga erishsak, bundan juda xursand bo‘lamiz. Agar bunday bo‘lmasa, biz o‘z ishimizni va boshlagan loyihamizni davom ettiramiz. Chunki biz uchun keyingi muhim maqsad Osiyo kubogi hisoblanadi", — deya ta’kidladi bosh murabbiy.