Eron terma jamoasi delegasiyasining bir qismi, jumladan murabbiylar shtabi vakillari 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati oldidan AQSH vizasini ololmadi. Bu haqda mamlakatning Turkiyadagi Eron elchixonasi bayonot berdi.
3 iyun kuni Eronning Turkiyadagi elchisi Muhammad Hasan Habibullohzoda terma jamoa futbolchilari mundialda ishtirok etish uchun vizalar olganini ma’lum qilgan edi. 6 iyun kuni esa AQSHning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak Eron terma jamoasi futbolchilari va yordamchi xodimlariga ham vizalar berilganini bildirdi.
Biroq Eron elchixonasi bu bayonotni rad etib, delegasiyaning muhim qismi viza ololmaganini ta’kidladi.
“Nega terma jamoa rahbariyatining katta qismi, murabbiylar shtabi a’zolari, texnik maslahatchilar va milliy jamoaning ajralmas qismi bo‘lgan boshqa shaxslarga viza berilmagani haqida gapirmayapsiz?” deyiladi elchixona bayonotida.
Eron tomoni buni qasddan amalga oshirilgan kamsituvchi munosabatning eng yuqori darajasi deb baholagan.
Eron terma jamoasi guruh bosqichidagi uchala uchrashuvini ham AQSHda o‘tkazishi kerak. Jamoa Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan bir guruhdan joy olgan.
24 may kuni FIFA Eron terma jamoasining Jahon chempionatidagi bazasini AQSHdan Meksikaga ko‘chirishga ruxsat bergan edi.
2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadi. Musobaqa tarixida ilk bor unda 48 ta terma jamoa ishtirok etadi.